29-dekabr kuni O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida 2023-yil uchun yo‘lovchi tashish hajmi 10 millionni tashkil etib, rekord darajaga yetdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.

Yubiley yo‘lovchi Humo Air aviakompaniyasining HJ24 reysi bilan Nukusdan Toshkentga kelgan Gulshad Najimatdinova bo‘ldi. Ayol oilasi bilan bayram kunlarini Toshkentda nishonlash uchun uchib kelayotgan va bunday sovg‘ani kutmagan edi. U 10 millioninchi yo‘lovchi bo‘lganini Nukusda ro‘yxatdan o‘tish paytida bildi. Yo‘lovchini birinchi bo‘lib aeroport direktori O‘rinboy Bekbergenov tabrikladi.

“Toshkent” aeroportining uchib kelish terminalida yo‘lovchi Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati tomonidan tantanali ravishda kutib olingan. Unga boshqaruv kompaniyasi tomonidan gullar va esdalik sovg‘alari, shuningdek, SIP zalidan 10 marotaba bepul foydalanish uchun mahsus sertifikat topshirildi.

“10 million yo‘lovchi O‘zbekiston aeroportlari uchun rekord ko‘rsatkichdir. Bunga aeroportlarimizga xorijiy aviatashuvchilarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar, shuningdek, yangi mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishi tufayli erishildi. Yubiley yo‘lovchimiz ham shu yil dekabr oyida parvozlarni amalga oshira boshlagan kompaniyalardan biri — Humo Air bortida uchib keldi”, — deya izoh berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun, 2022-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston aeroportlarida jami yo‘lovchi tashish hajmi 7,9 million kishini tashkil qilgan.

Avvalroq Uzbekistan Airways yil boshidan beri 5 millioninchi yo‘lovchisini ro‘yxatga olganini xabar qilingandi. Bu tashuvchi uchun yillik rekord ko‘rsatkichdir.