O‘zbekistonda Yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilingan 30-dekabrdan 2-yanvargacha bo‘lgan dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari 24 soat ishlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Shu davrda quyidagi davolash-profilaktika muassasalarining 40 ming nafar tibbiyot xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi:

  • 207 ta tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari;
  • 1074 ta oilaviy poliklinikalar;
  • tuman, viloyat va respublika shifoxonalari;
  • ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari;
  • tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi.

Qayd etilishicha, ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan. Respublika bo‘yicha 2835 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 229 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram kunlarida mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorligini bildiradi”, — deyiladi xabarda.