29-dekabrga o‘tar kechasi va ertalab Rossiya armiyasi so‘nggi paytlardagi Ukrainaga eng yirik raketa va dron hujumini amalga oshirdi. Kiyev, Lvov, Xarkov, Odessa, Dnepr va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar sodir bo‘ldi. Havo hujumi bir necha soat davom etdi.

Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignatning so‘lariga ko‘ra, Rossiya gipertovushli “Xanjar”, boshqa turdagi ballistik va qanotli raketalar, S-300 raketalari, shuningdek, X-22 samolyotlaridan foydalangan.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bir kechada Ukrainaga qarshi jami 158 ta raketa va dron ishlatgan. Ukraina harbiylari 27 ta dron va 87 ta qanotli raketani urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

Kiyevda, shahar harbiy ma’muriyatining ma’lumotlariga ko‘ra, urib tushirilgan raketalardan tushgan qoldiqlar kamida to‘rtta tumanda vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Svyatoshinskiy tumanida aholi yashamaydigan ko‘p qavatli uy yonib ketdi, Shevchenkovskiy tumanida omborlar, noturar binolar, shuningdek, qurilishi tugallanmagan biznes markazi zarar ko‘rdi. Darnitskiy tumanida bir uyga zarar yetkazilgani qayd etilgan. Podolsk tumanida omborxonada yong‘in chiqqan.

Ma’muriyat rahbari Sergey Popkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina poytaxti ustida o‘ttizdan ortiq havo nishonlari urib tushirilgan. Kiyevdagi hujum oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, yana 21 kishi yaralandi. Podolsk tumanidagi ombor vayronalari ostida 10 kishi qolgan bo‘lishi mumkin, voqea joyida qutqaruvchilar ishlamoqda.

Lvovda kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi jarohatlandi. Lvov viloyati ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy mintaqa bo‘ylab kamida 14 ta “Shahed-136/131” rusumli uchuvchisiz samolyot uchirilganini, 8 ta uchuvchisiz samolyot urib tushirilganini ma’lum qildi. Lvovdagi turar joy binosi va korxonalardan birida zarba qayd etildi. U yerdagi ma’muriy binolar va ishlab chiqarish sexlari ham qisman vayron bo‘lgan, biroq hech kim jabrlanmagan. Bundan tashqari, uchta maktab va bolalar bog‘chasi shikastlangan.

Xarkov uch marta raketalardan o‘qqa tutildi, dedi shahar meri Igor Terexov. Umuman olganda, shaharga dastlab S-300 raketalari bilan 20 dan ortiq zarba berildi, deya ma’lum qildi Xarkov viloyati rahbari Oleg Sinegubov. Ombor va ishlab chiqarish binolari, transport ombori va korxonaning vayron bo‘lishi va shikastlanishi qayd etilgan. Tibbiyot muassasalaridan birining tomi va oynalari portlash to‘lqini ta’sirida shikastlangan. Otishma paytida 1 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi yaralandi.

Dneprda, ayni ma’lumotlarga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohat oldi, dedi Dnepropetrovsk viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Lisak. Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hujum oqibatida shahardagi savdo markazlaridan biri yonib ketgan. Bino vayronalari ostida odamlar bo‘lishi mumkin, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Tug‘uruqxonaga ham katta zarar yetgan. “Barcha bemorlar va tibbiyot xodimlari boshpanagacha borishga muvaffaq bo‘ldi”, — deya xabar bermoqda Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Odessada 3 kishi halok bo‘ldi, yana 15 kishi yaralandi, jumladan, 6 va 8 yoshli ikki bola, deya tasdiqladi viloyat harbiy boshqarmasi rahbari Oleg Kiper. Shaharga raketa zarbasi tungi dron hujumidan keyin amalga oshirilgan. Urib tushirilgan uchuvchisiz samolyot qoldiqlari ko‘p qavatli binoga ham zarar yetkazgan va unda yong‘in boshlangan.

Shuningdek, shaharda litsey o‘qqa tutilish sababli zarar ko‘rgan. Maktabda u paytda bolalar yo‘q bo‘lgan.

Zaporoje ham o‘qqa tutildi. Viloyat harbiy boshqarmasi rahbari Yuriy Malashkoning aytishicha, hujumda shahardagi bir qancha korxonalar nishonga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalardan biri ochiq maydonga tushgan, ikkinchisi uyni vayron qilgan. Ko‘p qavatli binolar portlash to‘lqini va vayronalardan zarar ko‘rgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar mahalliy aholi halok bo‘lgan, 10 kishi yaralangan. Binolardan birining vayronalari ostida odamlar bo‘lishi mumkin.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujum haqida shunday dedi: “Tug‘uruqxona, ta’lim muassasalari, savdo markazi, ko‘p qavatli uylar va xususiy uylar, savdo ombori, avtoturargoh. Kiyev, Lvov, Odessa, Dnepr, Xarkov, Zaporoje va boshqa shaharlar. Bugun Rossiya o‘z arsenalidagi deyarli hamma narsa bilan zarba berdi”.

U hujumlarga “albatta javob qaytarishni” va’da qildi. “Rossiya terrori mag‘lub bo‘lishi kerak — va aynan shunday bo‘ladi”, — dedi u.

Rossiya Ukraina shaharlariga qilingan raketa hujumiga hozircha izoh bermadi.