26-dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya markazida O‘zbekistonda ilk bor parkinson kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha kompleks texnologik operatsiya o‘tkazildi, deya xabar qildi oliygoh matbuot xizmati.

Operatsiyada besh yil davomida parkinson kasalligi bilan og‘rib kelayotgan 63 yoshli bemorning bosh qismiga chip o‘rnatilgan.

Xabarda aytilishicha, operatsiya Medical Park klinikasi (Istanbul, Turkiya) yetakchi mutaxassisi, professor Said O‘zturk ishtirokidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar va mahorat darsi doirasida amalga oshirilgan. Ushbu klinikada universitet ma’lumotlariga ko‘ra, ming xil turdagi murakkab neyroxirurgiya operatsiyalari o‘tkaziladi.

Operatsiyadan so‘ng SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Medical Park klinikasi o‘rtasida Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya markazida parkinson kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, parkinson kasalligi — jismoniy faoliyatni susaytiradigan va ruhiy kasalliklar, uyqu buzilishi, og‘riq va boshqa muammolarini keltirib chiqaradigan miya kasalligi. Uнинг keng tarqalgan belgilari titroq, og‘riqli mushaklar qisqarishi va nutq muammolarini o‘z ichiga oladi.

Kasallikni davolab bo‘lmaydi, ammo uning alomatlarini turli xil terapiya va dori-darmonlar bilan kamaytirish mumkin. Ko‘p hollarda parkinson kasalligi nogironlikka va tashqi yordamga muhtojlikka olib keladi. U bilan og‘rigan ko‘plab odamlarda demensiya (xotira, diqqat va nutqning biroz darajada buzilishi) rivojlanadi.

Parkinson, odatda, keksa odamlarda uchraydi, lekin yoshlarda ham paydo bo‘lishi mumkin. U ayollarga qaraganda erkaklarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

Kasallikning sababi noma’lum, biroq uning rivojlanish xavfi parkinson kasalligi bilan og‘rigan qarindoshlari bo‘lgan odamlarda yuqori. Kasallik xavfi havoning ifloslanishi va pestitsidlar va erituvchilar ta’sirida oshishi mumkin.

SamDTU hisobotida qayd etilishicha, parkinson kasalligi dunyo bo‘ylab har 1000 kishidan 1−3 nafarida (0,1−0,3 foiz) uchraydi. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ham ushbu kasallikka chalinganlar soni ortib bormoqda, deya qayd etdi universitet.