2024-yilning birinchi oyi harorat tartibi bo‘yicha me’yorga yaqin, ba’zi joylarda me’yordan 1−1,5 darajaga yuqori bo‘ladi, deb xabar qildi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Yanvar quruq va nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 1−3-yanvar kunlari kunduzgi havo harorati +6…+11 daraja iliq atrofida, 4−5-yanvar kunlari esa 1−3-yanvarga nisbatan 3−5 darajaga yuqori bo‘ladi.

Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechalari 0…+5 daraja iliqdan −3…−8 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +10…+15 daraja iliqdan 0…+5 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Harorat kechalari qisqa davrga −10…−13 daraja sovuqqacha pasayishi va kunduzi +16…+18 daraja iliqqacha ko‘tarilishi mumkin.

Yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oxirida, shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida kutilmoqda. Umuman olganda, oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda yanvar oyi odatda qanday bo‘ladi?

Yanvar — qishning o‘rtasi, iqlim xususiyatlariga ko‘ra yilning eng sovuq oyidir. Biroq har doim bunday bo‘lmaydi. 2002−2003-yillarning qish mavsumida dekabr eng sovuq oy bo‘lib, u yanvar va fevral oylariga nisbatan ancha sovuq bo‘lgan. 2013−2014-yillarning qish mavsumida esa fevral oyi dekabr va yanvar oylariga nisbatan ancha sovuq bo‘lgan.

So‘nggi 30 yil ichida (1994−2023-yillar) 2016-yilning yanvar oyi eng iliq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik havo harorati barcha joylarda me’yordan 3−6 darajaga yuqori bo‘ldi.

Biroq yanvar oyida eng yuqori harorat qiymatlari ushbu o‘ttiz yillikning — 2002, 2007, 2021-yillarida — +20…+25 daraja iliqqacha, shimolda +13…+16 daraja iliqqacha bo‘lishi kuzatilgan.

So‘nggi 30 yil ichida 2008-yilning yanvar oyi eng sovuq bo‘ldi. Respublika hududi bo‘yicha o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 8−12 darajaga past bo‘ldi. Shu yilning o‘zida respublika hududining katta qismida eng past havo harorati kuzatildi. Minimal harorat −17…−24 daraja sovuqqacha, shimolda −30…−32 daraja sovuqqacha pasaydi.

2023-yilning yanvar oyi ham juda sovuq bo‘ldi. O‘rtacha olganda, u 2008-yildagidek sovuq emas, me’yordan 4−7 darajaga past bo‘ldi. Ammo oyning o‘rtalarida markaziy viloyatlarda va Farg‘ona vodiysida havo harorati ba’zi joylarda 2008-yilga nisbatan past — −25…−29 daraja sovuqqacha bo‘lgan qiymatlargacha pasaydi. Toshkentda 2023-yil yanvar oyida havoning minimal harorati 19,8 daraja sovuqni, 2008-yil yanvar oyida esa 17,4 sovuqni tashkil etdi.

1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.

O‘zbekiston hududining katta qismida yanvar oyida yog‘ingarchilik 25 mm dan 45 mm gacha, shimolda, cho‘l hududlarida va Farg‘ona vodiysida 10−22 mm, tog‘ oldi hududlarda 65−90 mm, ba’zi joylarda 110 mm gacha (bu ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha) bo‘ldi.

Hududda juda quruq yanvar oylari ham bo‘ladi. So‘nggi 30 yil ichida bunday yanvar oylari 2018 va 2021-yillarda kuzatilgan. Bunda hududning katta qismida yog‘ingarchilik oylik me’yordan 40% ga kam bo‘ldi.

2005 va 2014-yillarning yanvar oylari eng nam bo‘lib, bunda hududning katta qismida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan bir yarim baravar ko‘p bo‘ldi.

Kuzatilgan global isish fonida yanvar oyida tekislik hududlarda va hatto tog‘oldi hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di. Buning hisobiga tekislik hududlarda qor qoplami ko‘pincha qisqa muddatga (5 kundan kam) va ba’zida esa qor qoplami umuman shakllanmaydi.

So‘nggi 30 yil ichida 2008-yilning yanvar oyi eng qorli bo‘ldi. Respublika hududi bo‘yicha qor qoplami kuzatilgan davrning davomiyligi 25 kundan 31 kungachani tashkil etdi, qorning maksimal balandligi esa 24−60 sm ga, janubda 15−21 sm ga yetdi.