Elyorbek Rahmatillayevich Karimov 29-dekabr kuni Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Elyorbek Karimov 1986-yilda ayni shu tumanda tug‘ilgan. 2008-yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida g‘aznachilik hamda moliya tizimining tuman hamda viloyat idoralarida mas’ul lavozimlarda, shuningdek, Izboskan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i (v.v.b.) lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

10-dekabr kuni 2018-yildan beri Izboskan tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Serobiddin Ismoilov ishdan olingandi. Oradan bir necha kun o‘tib, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va yer berish tartibini buzishda ayblangan Ismoilov qamoqqa olingan.

19 kun davomida tuman hokimi vazifasini birinchi o‘rinbosar Hojiakbar Umarov vaqtincha bajarib turdi.