UzAuto Motors kompaniyasi xaridorlar tomonidan “sotuvga” joylanayotgan shartnomalar monitoringini olib bormoqda. Ularning maxsus ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Xabarda bu ma’lumotlar asosida qanday chora ko‘rish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berilmagan. Kompaniya xaridorlarni yana bir bor ogoh va hushyor bo‘lishga chaqirgan va uchinchi shaxslar tomonidan to‘lov qilinmagan avtomobil shartnomalarini “sotib olmasliklarini” so‘ragan.

“Eslatib o‘tamiz, shartnomani boshqa shaxsga qayta rasmiylashtirish mumkin emas — xarid qilingan avtomobil faqat shartnomada dastlab ko‘rsatilgan shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Agar siz bunday shartnomalarni „sotib olsangiz“, keyinchalik avtomobil sizga qayta rasmiylashtirilmasligining xavfi yuqori. Qolaversa, agar avtomobil egasining yaqin qarindoshlari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari) sotishga ruxsat berishdan bosh tortgan taqdirda, uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi”, — deyiladi UzAuto Motors xabarida.

Bunday kelishuvlarda avtomobil uchun to‘liq to‘lov qilish kerakligi talab qilinishi mumkinligi inobatga olinsa, xaridor bu bilan nafaqat shartnoma uchun “to‘lov”ni, balki avtomobilga uchun qilingan barcha summani yo‘qotish xavfi mavjud.

“Agar siz bunday kelishuvlar ishtirokchisi bo‘lsangiz, UzAuto Motors xaridor oldida hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi”, — deya qayd etgan kompaniya.

UzAuto Motors xabarida, shuningdek, bunday takliflar aynan kompaniya yoki dilerlik markazi vakillari tomonidan bildirilsa, tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun kompaniyaning Call-markaziga (+998 78 141 77 77) yoki info@uzautomotors.com elektron pochta manziliga murojaat qilish so‘ralgan.

Ma’lumot o‘rnida, UzAuto Motors 25−27-dekabr kunlari 2024-yilda ishlab chiqarilishi va ichki bozorda sotilishi rejalashtirilayotgan ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiyasini ochib, jami 171,2 mingdan ortiq shartnoma berdi.

Shundan so‘ng mazkur shartnomalarni rasmiylashtirgandan ba’zilari ijtimoiy tarmoqlar va saytlar orqali shartnomasini “cotmoqchi ekani” haqida e’lonlar joyladi.