Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida erkak o‘zini osib, joniga qasd qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

28-dekabr kuni soat 07:45 atrofida 31 yoshli erkak tumandagi 248-maktabning orqa tomonidagi daraxtga o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, marhum ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turgan, muqaddam bir necha marotaba o‘z joniga suiqasd qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq poytaxtning Sergeli tumanidagi maktab hovlisidan 44 yoshli ayolning jasadi topilgandi. Bosh prokuratura uning o‘limiga yurak kasalligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi va alkogoldan o‘tkir zaharlanish kabilar sabab bo‘lganini bildirgan.