Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni O‘zbekistonning oltita hududida 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda ushbu investitsiya loyihalarning hamkorlari bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Al-Ramahiy, China Energy Engineering Corporation kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun, China Energy International Group kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Szesyan, China Gezhouba Group kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Syaodan, SEPCO III, Dongfang Electric Corporation va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

china energy international group, masdar, yashil energiya, quyosh elektr stansiyalari

Davlat-xususiy sheriklik shartlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan qurilgan birinchi quyosh elektr stansiyalari Karmana va Nurobod tumanlaridagi umumiy quvvati 200 MVt bo‘lgan, shu paytgacha 1 milliard KVt soat “yashil” energiya ishlab chiqargan obyektlar bo‘ldi.

Hozirda Masdar kompaniyasi Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan uchta fotoelektr stansiyasi qurish loyihasini yakunladi. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, Xitoyning China Gezhouba Group kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita quyosh stansiyasining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.

Xabarda qayd etilishicha, qurilish ishlari rekord muddatda — bor-yo‘g‘i to‘qqiz oyda yakunlandi.

“Jahonda ishlab chiqarish zanjiri va logistika bilan bog‘liq muammolar qanchalik murakkab ekaniga qaramasdan, biz bu borada Goldwind, Sungrow, Jolywood, Longi kabi kompaniyalar bilan samarali ish olib bordik”, — dedi prezident.

Marosimda davlat rahbari xorijlik hamkorlar bilan birgalikda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulash ishlariga start berdi. Prezident investorlar, muhandislar va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi.

Umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan ushbu stansiyalarning to‘liq foydalanishga topshirilishi natijasida 2 million xonadondonda elektr energiyasidan uzluksiz foydalanish, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Prezident o‘z nutqida sohani rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tdi: “Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar energetika tarmog‘idagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tamiz”.

Ayni paytda O‘zbekistonda 9 GVt quvvatga ega 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

“Xorijiy kompaniyalar bilan sermahsul hamkorligimizni tobora kengaytirib boramiz”, — dedi prezident.

Umuman olganda, 2030-yilga kelib “yashil” energetika manbalarining quvvatini 27 GVtga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.