O‘zbekistonda 2023-yilning shu kuniga qadar 9 ming 446 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot kotibi Navro‘z Norboboyev.

Xususan, 767 million metr kub tabiiy gaz (748 milliard 600 mln so‘m) va 335 mln kilovatt-soat elektr energiyasi (251 mlrd 900 mln so‘m) talon-toroj qilingan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga jami 1 trillion 500 mln so‘m zarar yetkazilgan.

“Energiya resurslaridan ayrim “tadbirkor”larning noqonuniy va o‘g‘rincha foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar ta’minoti barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi “O‘zenergoinspeksiya” vakili.

Inspeksiyaning Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 171 ta holatda 2 mln 823 ming litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olingan.

Navro‘z Norboboyevning so‘zlariga ko‘ra, nazorat tadbirlarida elektr tarmoq xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 ming 57 ta obyekt aniqlangan. 7 ming 636 ta obyekt bo‘yicha mahalliy hokimliklar va sudlarga hujjatlar taqdim etilgan. Ayni vaqtgacha 91 ta obyekt xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.