Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ijtimoiy tarmoqlarda rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan bildirilayotgan fikrlarga munosabat bildirdi.

“Qonun loyihasining 3-moddasida ushbu qonunning amal qilishi ko‘chmas mulk mulkdorlari o‘zlari mustaqil tuzadigan bitimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilgan”, — deyiladi agentlik munosabatida.

Qayd etilishicha, rieltorlik xizmatlari sifatini oshirish, o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlaridan keng foydalanish, shuningdek, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish maqsadida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati tug‘ilgan.

“Ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganiga qaramasdan, 2010-yildagi amaldagi qonun zamonaviy voqeliklarga va rieltorlik faoliyati sohasidagi o‘zgarishlarga mos kelmaydi”, — deya qayd etgan agentlik.

Qonun loyihasi rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, “soyadan” chiqishni rag‘batlantirish va noqonuniy (qora) rieltorlar va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini legallashtirish, shuningdek, rieltorlik xizmatlari iste’molchilarini huquqlarini himoya qilish, hamda noqonuniy rieltorlar tomonidan firibgarlik holatlari avj olishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Qonun loyihasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan. AQSh, Germaniya va Fransiyada rieltorlar litsenziyaga ega bo‘lishi majburligi hamda rieltorlar faoliyati ko‘proq tartibga solingan Benilyuks mamlakatlarida (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) rieltorlik faoliyati amalga oshirishda litsenziyaga ega bo‘lishdan tashqari, har bir agent proffesional tashkilotlardan biriga a’zo bo‘lishi belgilangan”, — deyiladi Davaktiv munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Nikita Makarenko mazkur qonun loyihasi haqida post qoldirgandi.

“Bu — shunchaki bomba. Davaktiv barcha xonadon egalariga uylarini sotish va ijaraga berish haqidagi e’lonlarini internetda joylashtirishni qonuniy ravishda taqiqlamoqchi. Bu faqat rieltorlar orqali mumkin bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi? Mulkimizni tasarruf etish erkinligini beruvchi Fuqarolik kodeksi-chi? Menimcha, bu mutlaqo xalqqa va konstitutsiyaga zid bo‘lgan qonunni qabul qilishga faqat ikkita sababi bo‘lishi mumkin. Yo Davaktiv rahbari Akmalxon Ortiqovning qarindoshlari nomiga bir-ikki rieltorlik firmasi rasmiylashtirilgan yoki rieltorlar Davaktiv`ga bir-ikki chamadon dollar olib kelishgan. Men boshqa sabablarni ko‘rmayapman”, — deb yozgan Nikita Makarenko.

“Bloger Nikita Makarenkoning postida aytilishicha, „Davaktiv agentligi barcha kvartira egalariga ularni sotish va ijaraga berish haqidagi e’lonlarni Internetda joylashtirishni qonuniy ravishda taqiqlamoqchi. Buni faqat rieltorlar orqali qilish mumkin bo‘ladi“. Bu fikr haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya munosabat bildirgan uning so‘zlariga javoban Davaktiv.

Ma’lumot o‘rnida, qonun loyihasining 27-moddasi ko‘chmas mulk bozoridagi axborot, maslahat va reklama xizmatlariga bag‘ishlangan va unda jumladan quyidagilar yozilgan:

Ko‘chmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi.

Jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan, butunjahon axborot tarmog‘i Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepullik asosida amalga oshiriladi.

“Qonun loyihasining 27-moddasi qoidalarining tahriri qayta ishlanadi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 11 va 12-moddalari talablariga, shuningdek, ko‘chmas mulk egalari manfaatlari va qonunchilik texnikasiga muvofiqlashtiriladi”, — deyiladi munosabatda.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qayta ishlanadi hamda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etiladi. Vazirlikning ijobiy xulosasi olinganidan so‘ng qonun loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Qonun loyihasi muhokamasi 29-dekabrgacha davom etishi belgilangan.