O‘tgan hafta Pokiston hukumati dunyoning eng iflos shaharlaridan biri sanalgan sharqiy Panjob provinsiyasi poytaxti Lahorda havo sifatini yaxshilash uchun birinchi marta sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi, deb yozmoqda The Guardian. “Gazeta.uz” Guardian va Washington Post nashrlaridagi asosiy ma’lumotlarni keltiradi.

Lahorning o‘nta tumanida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun bulutlarda kondensatsiya jarayonini tezlashtiradigan “bulut ekish” texnologiyasidan foydalanildi.

Bulutlar qanday ekiladi?

Samolyotlar yoki purkovchi moslamalar yordamida bulutlarga tuz reagenti sepiladi. Mavsumga ko‘ra turli moddalar purkalishi mumkin: yozda suv bilan aralashtirilgan osh tuzi, qishda bo‘lsa kumush yodid. Bir necha soatdan so‘ng modda bulutlar bilan birlashib, yomg‘ir chaqiruvchi tumanni paydo qiladi.

Bunday amaliyot oldin turli yillarda Yaqin Sharq, Xitoy, Hindiston va AQShda qo‘llangan.

Biroq, ba’zi tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, jarayon o‘zini oqlashi uchun harorat va namlik talab darajasida bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, zarrachalarda kondensatsiya hosil qilish uchun sepiladigan modda hajmi mos bo‘lishi talab etiladi.

Panjob hukumatiga kumush yodidni purkashga ko‘maklashgan BAA mutaxassislari Lahorda qulay ob-havo sharoitlari kuzatilishini ikki haftacha kutishiga to‘g‘ri keldi.

Panjob atrof-muhit vaziri Bilal Afzalning so‘zlariga ko‘ra, Lahorda jarayon muvaffaqiyatli kechdi, ammo yog‘ingarchilik u qadar ko‘p bo‘lmadi. Umuman olganda, yomg‘ir shahardagi havo sifatini biroz yaxshiladi: ifloslanish ko‘rsatkichlari 300 mkg/m3 dan 189 mkg/m3 gacha tushdi. Ammo bu ko‘pga cho‘zilmay, raqamlar bir necha kundan keyin eski holatga qaytdi.

“Lahor yaqinda yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi”

13 milliondan ortiq aholiga ega Lahor Pokistonning eng yirik shaharlaridan biridir. U bir vaqtlar “bog‘lar shahri” sifatida tanilgan, ammo keyinchalik mamlakatning, so‘ng dunyoning eng ifloslangan shahriga aylandi.

Dunyoning 7000 dan ortiq shaharlarida havo sifatini nazorat qiluvchi Shveysariyaning IQAir kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Lahor muntazam ravishda havoning ifloslanishi bo‘yicha global reytingda birinchi o‘rinda turadi.

Air Quality Life Index ma’lumotlarini e’lon qiluvchi Chikago universitetining hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday havo tufayli Lahor aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 7 yildan ko‘proqqa kamayishi mumkin.

Bulut ekish texnologiyasini qo‘llashdan oldin provinsiya ma’muriyati vaziyatni misli ko‘rilmagan choralar bilan hal qilishga urinib ko‘rdi, deb yozmoqda The Washington Post (WaPo). Dekabr oyi boshiga kelib, shahardagi havo sifati shunchalik yomonlashganki, maktablar va bozorlar yopilgan, transport harakati cheklangan. Lekin bu yordam bermadi.

Lahorlik 41 yoshli quruvchi-injener Bashir Ahmadning The Washington Post nashriga bildirishicha, u bir necha hafta davomida o‘tkir hidli havodan nafas olgach, tomog‘ida og‘riq va doimiy yo‘tal paydo bo‘lgan. “Kasalxona menga o‘xshagan bemorlarga to‘lib ketdi, — deydi u. — Agar rasmiylar qo‘shimcha choralarni ko‘rmasa, Lahor yaqinda yashash uchun yaroqsiz holga keladi”.

Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi inqiroz hukumatning yillar davomida atrof-muhitga e’tiborsizligi, jumladan, shaharning yashil bog‘larini buzib, o‘rniga savdo markazlari va magistral yo‘llarga ustuvorlik bergani oqibatidir.

Mahalliy ekologik guruhlar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘nyilliklarda Lahor o‘z yashilligining 75 foizini yo‘qotdi. Faollar daraxtlar kesilib, yashil maydonlar qisqartirilishdan tashqari, shahardagi havo sifati buzilganida avtomobillardan chiqayotgan gazlar, qurilish maydonchalaridan chiqayotgan chang, fabrikalardagi zaharli chiqindilar va mavsumiy ekinlar qoldiqlarining yoqib yuborishini ham sabab sifatida ko‘rsatmoqda.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha iqtisodchi Kashif Salikning WaPo`ga bergan izohiga ko‘ra, Pokistondagi “kuchli manfaatlarga ega guruhlar” avtomobil chiqindi gazlari, qurilish loyihalari va dehqonchilikka nisbatan ta’sirchan cheklovlarni kiritishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

“Mamlakatimizda transport va qurilish mafiyalari bor. Hukumatda nihoyat ularga qarshi turishdan boshqa iloj qolmadi”, — deydi u.