Hindistonning Gurugram (Gurgaon) shahrida politsiya kiyimidagi bir guruh shaxslar O‘zbekiston fuqarosining pullarini o‘g‘irlab ketdi, deb xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi OAVga tayanib.

Shanba kuni soat 21:00 atrofida mehmonxonaga qaytgan uch o‘zbek aka-uka o‘zlarini politsiya xodimi deb tanishtirgan shaxslar tomonidan to‘xtatilib, hujjatlari tekshirish uchun olingan. Xabarda aytilishicha, ular sumkalarni ko‘zdan kechirish jarayonida 16 ming dollarni o‘g‘irlab, qochib ketgan.

O‘zbekiston fuqarosi B.S. Hindistonga Gurugram shahridagi Artemis shifoxonasida buyrak ko‘chirish amaliyotini o‘tkazish uchun borgani ma’lum bo‘ldi. U voqea yuzasidan politsiyaga murojaat qilgan.

Hozirda Hindiston jinoyat qonunchiligining 379A- (Tortib olish orqali o‘g‘rilik), 419- (O‘zini boshqa kishi deb tanishtirish yo‘li bilan aldash) va boshqa moddalari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan muzokaralar olib bordi, vaziyat nazoratga olindi, deyiladi xabarda.

Diplomatik missiya vatandoshlarni turli maqsadlarda, jumladan, davolanish uchun Hindistonda bo‘lish chog‘ida turli shubhali shaxslarning gaplariga ishonmaslikka, ayniqsa, moliyaviy masalalar bilan bog‘liq vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, yirik miqdorda naqd pul ishlatmaslik, balki bank kartalaridan yoki pul o‘tkazish amaliyotidan keng foydalanishga chaqirdi.

Elchixona vatandoshlarga zarur holatlarda konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan +91 11 2467 0774/75 telefon raqami yoki @consuluzbindia_bot Telegram botiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Yangi Dehli yaqinida joylashgan Gurugram Haryana shtatidagi ikkinchi yirik shahar hisoblanadi.