Markaziy banki tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlaridan “mijozning roziligisiz va uni ogohlantirmagan holda” kredit va boshqa qarzlarni to‘lash uchun qarz oluvchining kartasidan pul mablag‘larini “akseptsiz yechib olish” amaliyotiga chek qo‘yishni talab qildi.

21-dekabr kuni Markaziy bank boshqaruv raisi o‘rinbosari tegishli xatni imzoladi, deb yozmoqda Bankers.uz. Markaziy bank ma’lumotni “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Xatda tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan mablag‘larni masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali kredit to‘lovlari uchun avtomatik tarzda hisobdan chiqarish (avtoto‘lov) jarayonlarida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilayotgani, bu borada bir necha bor murojaatlar kelib tushayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, ayrim banklar sug‘urta polisini kredit ta’minoti sifatida qabul qiladi. Ushbu kreditlar belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, sug‘urta tashkiloti tijorat banki oldidagi kredit qarzdorligini to‘liq qoplab beradi. Natijada bankning majburiyat (kredit) bo‘yicha qarz oluvchiga bo‘lgan huquqlari sug‘urta tashkilotiga o‘tadi, sug‘urta tashkiloti esa qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib oladi. Bu kabi holatlar tanqid qilingan.

Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga ko‘ra, mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek, ushbu kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Qarz oluvchi bilan sug‘urta tashkiloti o‘rtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ham ko‘zda tutilmagan.

Xatda, shuningdek, ayrim to‘lov tashkilotlari sug‘urta tashkilotlarini E-POS maxsus terminallari (mobil ilovalar yoki veb saytlar orqali to‘lovlar uchun virtual terminallar) bilan ta’minlab bergani, buning yordamida “sug‘urtalovchilar” qarz oluvchilarning bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olishi mumkinligi qayd etilgan.

Banklar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlamagan holda bank kartalaridan pul mablag‘lari hisobdan chiqarilishiga (shuningdek, bunday imkoniyatni sug‘urta tashkilotlari uchun yaratilishiga) yo‘l qo‘yayotgani iste’molchilar huquqlarining buzilishi deb hisoblanadi. Bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘riladi, deb ta’kidladi Markaziy bank.

Markaziy bankning “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi nizomiga ko‘ra, bank tomonidan kreditlar, mikroqarzlar va lizing bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirishda avtoto‘lov usulidan foydalanganda mablag‘larni keyingi ish kunida hisobdan chiqarishi shart. Bunda bank hisobvaraq (omonat, karta) egasiga mablag‘ qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganini ko‘rsatgan holda xabarnoma yuborishi shart. Markaziy bank boshqaruv raisi o‘rinbosari bu borada tegishli ko‘rsatma xatlari o‘tgan yilning mart oyida va joriy yilning yanvar oyida tijorat banklariga yuborilganini aytgan.

Xat oxirida Markaziy bank banklardan quyidagilarni talab qilgan:

  • fuqarolarning bank kartalarini (tijorat banki bilan tuzilgan o‘zaro shartnoma yoki oferta asosida) avtoto‘lov xizmatiga ulanishi to‘g‘risida SMS xabarnoma orqali o‘z vaqtida xabardor qilish;
  • avtoto‘lov xizmati orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarda “qaysi kredit to‘lovi uchun va kimning foydasiga” undirilayotgani haqida SMS tarzida bank karta egasiga xabarnoma jo‘natilishi hamda karta egasi rozilik bergan taqdirda to‘lovni amalga oshirish mexanizmini yaratish;
  • xatarlarni minimallashtirish hamda firibgarlikni oldini olish maqsadida tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovadan foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishda, mobil ilovaga bank kartalarini biriktirishda, mikroqarz, kredit rasmiylashtirish amalga oshirilganda mijozlarni identifikatsiyalash uchun qo‘shimcha tarzda Face ID mexanizmini joriy etish;
  • mijozlarga mikroqarz va kredit ajratishda uning yaqin qarindoshlari yoki tanish-bilishlarining mobil raqamini tizimga kiritishdan avval ularning raqamlariga tasdiqlovchi kod yuborish va ular rozi bo‘lganda jarayonlarni davom ettirish;
  • bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechish jarayonida qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilish.

Markaziy bank 29-dekabrga qadar banklardan mazkur ko‘rsatmalar ijrosi nazorati borasida hisobot taqdim etilishini talab qildi va aks holda ular to‘lov tizimlaridan uzilishi yoki jarimalar qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, banklar kredit va kafillik shartnomalarida Markaziy bankka ma’lum bo‘lgan “mijozning roziligisiz va uni ogohlantirmagan holda uning kartasidan kredit va boshqa qarz to‘lovlari uchun mablag‘larni akseptsiz yechib olish shartlari”ni nazarda tutadi.

“Sug‘urta tashkiloti tijorat bankiga yomon qarzdorning kredit qarzdorligini to‘liq qoplab bergandan keyin qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olayotgan bo‘lsa, bu yerda banklarning aybi nima? Va o‘zi sug‘urta tashkilotlari yomon qarzdorga nisbatan o‘zlarining regress huquqlarini ishga solmasliklari kerakmi?” — deya savol qo‘ydi u.

Bakirovning fikriga ko‘ra, bu yondashuv vijdonli qarz oluvchilarga ta’sir qilishi mumkin, chunki “yomon qarzdorlar” manfaatlarini himoya qilish orqali kredit mahsulotlari qimmatlashadi.