25-dekabr kuni Samarqand shahrida shaxmatning rapid (tezkor) va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatining matbuot anjumani va ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda rapid va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, yoshlar siyosati va sport vaziri Adxam Ikramov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev, o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Magnus Karlsen (markazda). Foto: Xusniddin Ato / PressPhotoUzMagnus Karlsen (markazda). Foto: Xusniddin Ato / PressPhotoUz

“Gazeta.uz” muxbiri Karlsendan agar Nodirbek Abdusattorov chempionlik unvonini qo‘lga kirita olsa, jahon chempioni unvoni uchun kurashga qaytishi yoki yo‘qligi bo‘yicha savol so‘radi. Avvalroq norvegiyalik grossmeyster agar uning raqibi Alirizo Firuzja bo‘lmasa, chempionlik unvonini himoya qilmasligini aytgandi.

Karlsenning qayd etishicha, Nodirbek bu siklda endi chempionlik uchun kurasha olmasa-da, keyingi bosqichda uning mahorati va xarakteri bu imkoniyatni beradi. Ammo Karlsenga chempionat o‘yini formati o‘zgarishi muhimroq, shunda u qaytadi va yana klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun kurashadi.

Foto: Husniddin Ato / PressPhotoUz Foto: Husniddin Ato / PressPhotoUz

O‘zbekistondagi shaxmatning ahvoli haqidagi savolga javob berarkan, sobiq jahon chempioni o‘tgan yili unga qozoq shaxmatiga oid mana shunday savol berilganini esladi. O‘shanda u “O‘zbekistonga qarang va shunday qiling”, — deya javob bergan.

Norvegiyalik sportchidan, shuningdek, ikkala turnirda kimni favorit deb bilishi so‘raldi. “Rapidda raundlar sezilarli darajada kamroq, shuning uchun topdagi natijalar nisbatan tasodifiy. Men shaxsan o‘zimni blitsda favorit deb bilaman. Rapid bo‘yicha chempionatda esa ko‘pchilik shaxmatchilarda g‘alaba qozonish imkoniyati bor, degan bo‘lardim, jumladan, Nodirbekda ham. Lekin kimnidir ajratib ko‘rsat bo‘lmaydi”, — dedi Karlsen.

Arkadiy Dvorkovichdan FIDE Markaziy Osiyo mamlakatlariga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi so‘raldi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbari ikkita asosiy omilni keltirib o‘tdi: shaxmat an’analari va bu mamlakatlarda shaxmatni qo‘llab-quvvatlovchi odamlar.

Nodirbek Abdusattorov. Foto: Xusniddin Ato / PressPhotoUzNodirbek Abdusattorov. Foto: Xusniddin Ato / PressPhotoUz

Nodirbek Abdusattorov murabbiylari haqidagi savolga javob berarkan, grossmeysterlik vaqtida uning murabbiyi Dmitriy Kayumov bo‘lgani, hozir esa Rustam Qosimjonov ekanini aytdi.

Rapid musobaqasi 26-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da boshlanadi. Ikki yo‘nalish bo‘yicha VI jahon chempionatining umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million dollarga teng. Chempionat 30-dekabr kuniga qadar davom etadi.

O‘zbekiston sharafini 33 nafar shaxmatchi himoya qiladi: Olimpiya o‘yinlari chempionlari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, grossmeyster Abdimalik Abdisalimov va boshqalar. Avvalroq shaxmat bo‘yicha murabbiy Georgiy Shvanov “Gazeta.uz” uchun turnir favoritlarini ko‘zdan kechirib, O‘zbekiston vakillarining imkoniyatlarini muhokama qilgandi.

Matbuot anjumanidan video

Ochilish marosimidan video