Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 21-noyabrda, Senat tomonidan 20-dekabrda ma’qullangan, deya xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

2024-yil davlat budjeti, budjet, шавкат мирзиёев

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 5,6−5,8 foiz (1,3 kvadrillion so‘m), 2025−2026-yillarda esa mos ravishda 6,2 va 6,4 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Sanoatning o‘sish sur’atlari 6 foiz, xizmat ko‘rsatish sohasida 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

2024-yilda inflyatsiya 8−10 foiz, 2025-yilda 7,5−8,5 foiz, 2026-yilda 5−7 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Hujjatda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari keltirilgan.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini o‘z ichiga oladi) 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizdan 4 foizgacha, 2025−2026-yillarda esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilmoqda. Hozircha hukumat taqchillikni 3 foizgacha qisqartira olmadi, garchi bunday maqsad 2022-yildan boshlab davlat budjetida tasdiqlanib kelayotgan bo‘lsa-da.

Kelgusi yilda O‘zbekiston qarz evaziga ko‘proq kredit jalb qilishi mumkin. Joriy yilda davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarzlarni jalb qilish chegarasi 4,5 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, hukumat limitga ushlab turolmagani va xarajatlarni keskin oshirgani tufayli ko‘rsatkich 5,5 mlrd dollargacha oshirildi. Shundan 3 mlrd dollar davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollar esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

2024-yilda limit 5 mlrd dollar — budjetni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalari yo‘nalishida har biri uchun 2,5 mlrd dollardan etib belgilandi. Davlat qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta risklarini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston nomidan muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining maksimal sof hajmi 2024-yil uchun 25 trln so‘m (2023-yil uchun — 17 trln so‘m edi) miqdorida belgilandi.

Avval xabar qilinganidek, bazaviy soliq stavkalari o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoladi. Shu bois, daromadlarni ko‘paytirish maqsadida budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini ularning samaradorligi va natijadorligidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, soliq va budjet siyosatini Jahon savdo tashkiloti talablariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.

Davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan makroiqtisodiy xavfsiz darajadan — 60 foizdan, o‘rta muddatli istiqbolda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligi kerak.

Qoraqalpog‘istonning respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahar budjetiga o‘tkaziladigan soliqlar ulushi o‘zgartirilmoqda:

  • Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushgan tushumlarning (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olingan yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosan to‘laydigan, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 55 foizi (2023-yilda 80 foiz), Toshkent viloyatida 38 foizi (63 foiz), Toshkent shahrida 11 foizi (8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi (100 foiz);
  • Foyda solig‘idan tushgan tushumlarning (prezident qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekistonda doimiy muassasa orqali ishlaydigan norezidentlar tomonidan, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 61 foizi (75 foiz), Toshkent viloyatida 39 foiz (63 foiz), Toshkent shahrida 11 foizi (8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 100 foizi (100 foiz) o‘tkaziladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini oshirish va mahalliy budjetlar balansini ta’minlash maqsadida Soliq qo‘mitasi va Kadastr agentligining hududiy organlarini, prezidentning hududlardagi Xalq qabulxonalarini, professional maktablar, kollej va texnikumlarni saqlash xarajatlari, shuningdek, sud organlari rahbarlarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladi.

Bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (Mehribonlik uylari va bolalar uylari, voyaga etmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy mehribonlik uylari), shuningdek suv xo‘jaligi tashkilotlarini va mahallalarni NNT sifatida saqlash xarajatlari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Davlat budjetining daromadlari va xarajatlari

2024-yil davlat budjeti, budjet, шавкат мирзиёев

Mazkur maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2024-yil uchun budjetlararo transfertlardan tashqari, konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini o‘z ichiga oladi) 375,03 trln so‘m, xarajatlari esa 427,64 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, kutilayotgan daromadlar summasi 2024-yil uchun avvalgi prognozga nisbatan 21,33 trln so‘m, xarajatlar summasi esa 40,443 trln so‘mga ko‘p.

budjetning o‘zining daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlari esa 280,7 trln so‘mni tashkil etadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 65,2 trln so‘m, xarajatlari 96,1 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur jamg‘armalarga respublika budjetidan 32,1 trln so‘m transfertlar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari daromadlari 46,8 trln so‘m, xarajatlari esa 63,1 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat dasturlari bo‘yicha tashqi qarzlar hisobidan rejalashtirilgan xarajatlar 1,5 barobarga — 11,7 trln so‘mgacha (2023-yilda — 7,8 trln so‘m edi) oshadi.

Konsolidatsiyalashgan budjetning taqchilligi chegarasi 52,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizni (avvalroq 33,5 trln so‘m bo‘lishi kutilgan bo‘lsada) tashkil qilishi kerak. Davlat budjetining o‘zi 10,3 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,7 foiz, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjeti esa 30,56 trln so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,3 foiz) taqchillik bilan rejalashtirilgan.

Taqchillikni davlatning ichki va tashqi qarzlari, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Davlat qarzini to‘lash xarajatlari 19,17 trln so‘mdan 32,27 trln so‘mgacha oshadi (garchi o‘tgan yili davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 31,5 trln so‘mgacha oshishi prognoz qilingan bo‘lsa-da).

2024-yil davlat budjeti, budjet, шавкат мирзиёев

Soliq tushumlari hajmi 212,6 trln so‘m darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, bu 2023-yil prognoziga nisbatan 29,2 trln so‘mga ko‘p. Foyda solig‘i tushumlari Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari bo‘yicha 18,27 trln so‘mni hisobga olganda 39,7 trln so‘mgacha oshishi prognoz qilinmoqda. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha prognoz 9,98 trln so‘mdan 15,9 trln so‘mgacha ko‘tarildi.

QQS bo‘yicha tushumlar 74,04 trln so‘m (2023-yil uchun prognoz 63,7 trln so‘m), aksiz solig‘i bo‘yicha 17,5 trln so‘m (13,98 trln so‘m), bojxona boji 14,8 trln so‘m (5,7 trln so‘m) bo‘lishi kutilmoqda.

NKMK va OKMK dividendlari 2023-yilda prognoz qilingan 29,5 trln so‘mdan 2024-yildagi 23,75 trln so‘mgacha kamayadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda endilikda davlat budjetining har bir bandi bo‘yicha aniq shaxslar javobgar bo‘lishini aytgandi. U budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartirishlarni qabul qilishni buyurdi va agar budjet mablag‘laridan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishni taqiqlagandi.