22-dekabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi taklifi bilan Vazirlar Mahkamasining “Yosh vatanparvar” ko‘krak nishonini ta’sis etish bo‘yicha qarori muhokamaga qo‘yildi.

Ko‘krak nishoni bilan Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etiladigan musobaqa g‘olibi bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 11-sinfida o‘qiydigan o‘g‘il bolalar mukofotlanadi.

U bilan taqdirlanganlarga 2 yil mobaynida amal qiladigan quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida qo‘shimcha 3 ball;
  • birinchi navbatda muddatli harbiy xizmatga chaqirilish (harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan hamda chaqiruv muddatlarini kechiktirish va chaqiruvdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan taqdirda).

Nishon har yili 30-iyun — “Yoshlar kuni”da g‘oliblarga tantanali ravishda topshiriladi.

Qaror muhokamasi 2024-yil 6-yanvargacha davom etadi.