UzAuto Motors faoliyatida texnik nosozliklar kuzatilgan va kiberhujumlarga uchragan kontraktatsiya tizimini qayta ishga tushirdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

22-dekabr soat 12:00 da ommabop avtomobillarning 2024-yilgi butun ishlab chiqarish rejasi uchun onlayn kontraktatsiya boshlanishi bildirilgandi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, UzavtoSavdo tizimida soat 10:00 dan boshlab qator tashqi ta’sirlar kuzatilgan va buning natijasida tizimga murojaatlar soni 1 soniyada 50−60 mingga yetgan.

“Tizimga avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlangandan so‘ng qilingan davomli kiberhujumlar, avtorizatsiya so‘rovlarini qayta ishlashda muammolarni yuzaga keltirdi. Bu o‘z navbatida, onlayn savdo tizimining to‘liq bloklanishiga olib keldi”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya savdo tizimini qayta tiklash ishlari yakunlanganini, kontraktatsiya uchun Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining rejalashtirilgan butun hajmi sotuvda mavjud bo‘lishiga ishontirdi. Shu bilan birga, qolgan boshqa avtomobil modellari uchun kontraktatsiya doimgidek tartibda amalga oshirilishini eslatib o‘tdi.

Ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya 25-dekabr kuni soat 14:00 da ochiladi. Tizim xavfsizligini ta’minlash uchun onlayn kontraktatsiya faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Kompaniya savdo tizimidagi barcha tashqi ta’sirlarni, shuningdek, axborot hujumlari manzillari va tashkilotchilarining to‘liq tahlilini o‘tkazgan. Barcha materiallar ularga huquqiy baho berish uchun tegishli tuzilmalarga topshirilgan.