O‘zbekiston prezidenti 21-dekabr kuni “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Mazkur hujjatda Vazirlar Mahkamasi va Oliy sudga ikki oy muddatda jinoiy oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qurbonlariga nisbatan jabrlanuvchining talabiga ko‘ra sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarning soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshiriladi.

Gap sud mahalladagi xotin-qizlar faolining fikrini inobatga olgan holda er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga imkoniyat yo‘q deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirmasdan hamda yarashish uchun muhlat tayinlamasdan hal qilish qarorini qabul qilish haqida ketmoqda.

Bundan tashqari, bo‘lajak qonun loyihasida sud qarori bilan uy-joyga majburan kiritishga oid yangilik nazarda tutilishi kerak.

Uy egasining talabiga ko‘ra majburiy tartibda kiritilayotgan taraf uy egasiga tegishli mutanosib sharoitga ega boshqa yashash joyiga yoki uy egasi tomonidan ijara haqi to‘lab turiladigan yashash joyiga kiritib qo‘yish imkoniyati berilishi kutilmoqda.

Avvalroq 1-fevraldan Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida sinov tariqasida Oila sudyalari tashkil etilishi xabar qilingandi.