Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘plab xorijiy davlatlarda metsenatlik harakati keng yoyilganini qayd etib, uning O‘zbekistonga ham kirib borayotganini olqishladi.

Ma’lum qilinishicha, 2017-yilda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan va 70 ga yaqin a’zoni o‘z ichiga olgan “Do‘stlar klubi” mamlakat madaniyat muassasalariga 85 milliard so‘m miqdorida xayriya yordamini ko‘rsatgan.

Prezident “madaniyat va san’atning sadoqatli do‘stlari” bo‘lgan ushbu tashkilotlar va ularning mehnat jamoalariga minnatdorlik bildirdi.

U, shuningdek, ushbu tajribani “doimiy ishlaydigan tizim”ga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

2019-yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Metsenatlik to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, metsenatlik jismoniy va yuridik shaxslarning madaniyat va san’at, shuningdek, fan, ta’lim va ma’rifat sohasidagi xayriya faoliyatidir.