Global ekologik fondning Kichik grantlar dasturi tadbirkorlar, talabalar va atrof-muhit muammolaridan xavotirda bo‘lgan barcha fuqarolarni Green Development Platform biznes hamjamiyatining yig‘ilishida ishtirok etishga taklif qiladi. Tadbir 27-dekabr kuni UEnter innovatsion tadbirkorlik markazida bo‘lib o‘tadi, dedi “Gazeta.uz”ga dasturning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Aleksey Volkov.

Green Development Platform — “yashil” tashabbuslarni muhokama qilish imkoniyati. Tadbirkorlar, investorlar va davlat sektori iqtisodiyot hamda jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan ekologik toza loyihalarini taqdim etishi, ularni muhokama qilishi mumkin. Uchrashuv talabalar uchun barqaror rivojlanish mavzusidagi ta’limning bir qismiga aylanishi mumkin.

“Yashil” loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan tadbirkorlar va ekspertlar loyihalar taqdimotini o‘tkazadi. Bular energiya inqirozini bartaraf etish uchun yangi isitish tizimlari, qishloq xo‘jaligida suvni tejash yo‘llari, barqaror dehqonchilik usullari va odatda plastmassadan tayyorlangan kundalik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun tabiiy materiallardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.

“Barcha loyihalarni resurslar hamda xizmatlardan oqilona foydalanish va sayyora kelajagiga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish birlashtirib turadi”, — dedi Aleksey Volkov.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari iste’molchilarni “yashil” uskunalarni sotib olishga qanday rag‘batlantirish mumkinligini ham muhokama qiladi. Tadbir dasturi bilan ushbu Telegram kanalda tanishishingiz mumkin.