Andijon viloyatidagi mahallalarning birida 12 yoshli bola iltimosiga ko‘ra kutubxona quriladi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning yoshlar bilan uchrashuvida Andijon tumani “Teraktagi” mahallasida istiqomat qiluvchi 12 yoshli kitobxon Asadillo Roziqov kutubxona masalasida murojaat qildi.

U kitoblar yetishmagani uchun “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovida eng oliy natijani qo‘lga kirita olmaganini bildirdi.

“Bugunning o‘zida mahallaga kutubxona qurish ishlari boshlandi. Kelgusida maskanni Asadillo Roziqovning o‘zi boshqarishi taklif etildi”, — deyiladi xabarda.

Hokimning rasmiy sahifasida elon qilingan videoda Abdurahmonov kutubxonani 25-yanvar kuni ochilishini buyurganini ko‘rish mumkin.

“Otasiga ming rahmat, kitob yetmagani uchun ozgina qolib ketdim deyapti. O‘ziga mashina so‘ramayapti, o‘ziga ust-bosh so‘ramayapti mahallasiga kutubxona so‘rayapti. Hozir seni [ma’sullar] birga olib ketishadi, joyni tanlaymiz, Xudo xohlasa bir oyda senga zo‘r kutubxona qilib beraman, o‘zing yurgizasan, bo‘ptimi?” — dedi viloyat hokimi.