Jahon banki o‘zining navbatdagi hisobotida O‘zbekiston kabi Rossiyadan katta hajmdagi pul o‘tkazmalari keladigan mamlakatlarda ularning hajmi bosqichma-bosqich kamayishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 va 2022-yillarda pul o‘tkazmalari mos ravishda 15,5 va 18,5 foizga o‘sgandan so‘ng Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqadagi pul o‘tkazmalari oqimi 1,4 foizga qisqarib, 2023-yilda qariyb 78 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq ularning hajmi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldingi holatga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.

“Bu yilgi ko‘rsatkichlarning nisbatan pastligi asosan Rossiyadan qo‘shni davlatlarga pul o‘tkazmalarining sekinlashishi bilan bog‘liq. Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi Rossiyadan katta hajmdagi pul o‘tkazmalari keladigan mamlakatlarda ularning hajmi bosqichma-bosqich kamayishi kuzatilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Xususan, YeMO mintaqasidagi eng ko‘p pul o‘tkazmalari yuboriladigan O‘zbekistonga oqim 2022-yildagi 16,7 mlrd dollardan (YAIMning taxminan 21 foizi) 2023-yilda 16,1 mlrd dollargacha (YAIMning qariyb 18 foizi) qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Infografika: Jahon bankiInfografika: Jahon banki

Jahon banki pul o‘tkazmalarining qisqarishini Rossiya hududlarida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni kamaygani, Rossiyada inflyatsiyaning o‘sishi va so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liq holda Rossiyadan pul o‘tkazmalarining kamayishi bilan izohlagan.

O‘tkazmalar hajmi kamayayotganiga qaramay, 2023-yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari Ukrainadagi urushgacha bo‘lgan 2020−2021-yillardagi darajadan ancha yuqori bo‘lib turibdi. Rossiya O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining eng yirik manbai bo‘lib qolmoqda va O‘zbekistonga yuborilgan umumiy pul o‘tkazmalarining qariyb 80 foizi shu davlatga to‘g‘ri kelmoqda. Taqqoslash uchun, 2019−2021-yillarda Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari O‘zbekistonga o‘tkazilgan jami pul o‘tkazmalarining atigi yarmini tashkil qilgan.