Andijon viloyati Izboskan tumani sobiq hokimi Serobiddin Poziljonovich Ismoilovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi, deb xabar bermoqda viloyat sudi matbuot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudida viloyat prokurori o‘rinbosarining Ismoilovga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqilgan.

Sobiq hokim Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 229−4-moddasi (Yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda va Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining 21-dekabrdagi ajrimi bilan prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi qamoqqa olindi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.

10-dekabr kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan sessiyada Serobiddin Ismoilov vazifasidan ozod etilgandi. Ismoilov mazkur lavozimga 2018-yilda tayinlangan.