Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish hamda to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan tadbirkorlik subyektlari uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun 100 foiz oldindan to‘lov tizimini qaytarish taklif etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu tartib 2017-yilning iyulidan 2019-yilning fevraligacha amalda bo‘lgan, shundan so‘ng avans miqdori 50 foizgacha kamaytirilgan.

Bu hisoblagichlar va boshqa qurilmalar yetishmasligi sababli iste’molchilarning elektr tarmoqlariga ruxsatsiz ulanishi va elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni soxtalashtirishi bilan izohlanmoqda. Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon 39,5 mingta shunday huquqbuzarlik aniqlanib, ta’minotchi korxonaga 355,3 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Shu sababli debitorlik qarzlarining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun oldindan to‘lovni joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, ushbu davrda 13,17 ming ulgurji iste’molchi 1 milliard 460 million kub metr gazdan oldindan to‘lovsiz foydalangani oqibatida 90,2 milliard so‘m debitorlik qarzdorlik yuzaga kelgan. Yonilg‘i quyish shoxobchalarining qarzi esa 1-noyabr holatiga ko‘ra 59,9 milliard so‘mga yetdi (yil boshidan buyon +1 foiz o‘sish).

Shu sanadan boshlab gaz uchun avans to‘lovini amalga oshirmagan tadbirkorlar gaz narxining 1,4 miqdorida oshirilgan koeffitsiyentini, yetkazib beruvchi korxonalar esa yetkazib berilgan yonilg‘i narxining 10 foizi miqdorida jarima to‘laydi.

Bundan tashqari, ochiq maydonlarda joylashtirilgan maxsus, vaqtinchalik yoki statsionar inshootlarga, shuningdek, binolar, inshootlarning tashqi yuzalariga, devorlarga, tomlarga, panjaralarga, ko‘cha jihozlari elementlariga, ko‘chalar va yo‘llarning qatnov qismida, yonilg‘i quyish shoxobchalarida joylashtirilgan video-ekranlar, elektron displeylar uchun ham belgilangan oshirilgan koeffitsent qo‘llanadi. Bu restoran, kafe, bar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan yon-atrofidagi daraxtlarga, konstruksiyalarga osilgan illyuminatsion va svetodiodli lampalar shodalari uchun ham amal qiladi.

Bunda reklama obyektiga sarflanadigan elektr energiyasining hisobi alohida o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Energetika vazirligi yonilg‘i-energetika resurslaridan samarasiz foydalanish yoki isrofgarchilikka yo‘l qo‘yganlik uchun jarima solish tizimini takomillashtirishni taklif qilmoqda.

2024-yil 1-yanvardan elektr tarmoqlariga ulanish uchun elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari o‘rnatish ishlari yuridik iste’molchilarning va 2024-yil 1-apreldan boshlab maishiy iste’molchilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunday yechim “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining moliyaviy imkoniyatlari yetarli emasligi va iste’molchilar sonining keskin ortib borayotganini hisobga olgan holda taklif qilinmoqda.

Hozirgi kunda hisoblagichlar elektr ta’minoti korxonalari tomonidan sotib olinadi va o‘rnatiladi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan 2020-yilda iste’molchilarga qurilmani korxonalar mablag‘lari hisobidan o‘rnatgan holda elektr va gaz hisoblagichlarini o‘z mablag‘lari hisobidan tanlash huquqini berish taklif etilgandi.

Loyiha muhokamasi 2024-yil 2-yanvargacha davom etadi.