O‘zbekistonda milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Savol tug‘iladi: xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan paytlarda, ya’ni „praym-taym“ vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz qanchalik to‘g‘ri? Bu oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash lozim”, — dedi davlat rahbari.

Milliy seriallarni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali, hamma qiziqib ko‘radigan darajaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda “mahalliy ijodkorlarga, xususan, ijrochi san’atkorlar, dramaturg va rejissyorlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratiladigan” Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi yaratiladi.

Unga ko‘ra, buning uchun erkin iqtisodiy zona — Cinema Park tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasiga Cinema Park uchun davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent viloyati hududidan 50 gektar yer maydoni ajratish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari hokimlariga o‘z viloyatlarida erkin iqtisodiy kinohududlar barpo etish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.

Prezident buyuk ajdodlarning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratishni ham nazarda tutish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.