O‘zbekiston Markaziy banki regulyator nomidan foydalanib firibgarlik qilish holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirdi.

“Hozirgi kunda firibgarlarning internet tarmog‘idan soxta telefon raqamlari orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilish holatlari kuzatilmoqda. Bunda firibgarlar Markaziy bank xodimi sifatida o‘zini tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirishga urinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, firibgarlar Telegram`da Markaziy bank nomidan ochilgan “Markaziy_Banki_uz” soxta kanalida fuqarolarga onlayn kreditlar taklif qilib, ularning bank kartalari ma’lumotlarini olish orqali kartadagi pulllarni o‘zlashtirayotgani ham kuzatilmoqda. Markaziy bank o‘zining bu soxta kanal va undagi xabarlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, regulyator quyidagilarni eslatib o‘tdi:

  • Markaziy bank jismoniy shaxslarga kreditlar ajratmaydi va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanmaydi.
  • Fuqarolardan ushbu xabarlarga e’tibor qaratmaslik va bank kartalari ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, hech qanday havolaga kirmaslik so‘raladi.
  • Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish jarayonida regulyatorning tarmoqlardagi verifikatsiyalangan sahifalaridan foydalanish tavsiya etiladi.