Rossiyalik siyosatchi, yozuvchi Zaxar Prilepin sobiq SSSRga tegishli bo‘lgan barcha hududlarni tiklash va uning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifi bilan chiqdi. U bu haqda 20-dekabr kuni Moskvada o‘zining “qo‘mondonlar kengashi” faoliyati yuzasidan o‘tkazgan matbuot anjumanida gapirdi.

Zaxar Prilepin tarafdorlarining savollariga javob berarkan, ulardan birining demografiyadagi muammolar va migrantlar bilan mojarolari bo‘yicha bergan savoliga ko‘proq bola tug‘ilishi kerakligini aytib javob qaytardi.

“Ruslar qancha ko‘p bo‘lsa, ko‘p sonli migrantlar bizning yurtda o‘zini noto‘g‘ri tutishi bilan bog‘liq muammolar kamroq bo‘ladi”, — dedi u. Yozuvchi, shuningdek, “migrantlarni Rossiyada emas, balki ular kelgan davlatlarda, deylik, O‘zbekistonda, o‘qitishni” taklif qildi.

“Men hazillashayotganim yo‘q. Biz Sovet Ittifoqini qayta tiklash mavzusini ko‘taramiz va bu bizga istalgan vaqtda, „sizning ikki million fuqarongiz bizning hududda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz, chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda, hattoki bunga ovoz berishgan“, deyishga imkon beradi. Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, — dedi amaldor.

U bu o‘zining shaxsiy fikri ekanini qo‘shimcha qilgan. Matbuot anjumanida qatnashayotganlar uning gapini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Jamoatchilik munosabati

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Zaxar Prilepinning bu gaplaridan so‘ng “O‘zbekistonga umuman kiritilmaydigan sovetparast chet elliklar ro‘yxati shakllantirish va ochiq tanishishga imkonli bir ko‘rinishda e’lon qilish” taklifi bilan chiqdi. Ular O‘zbekistonga kelgani hamonoq aeroportning o‘zidan deportatsiya qilinishi va “umuman qorangni ko‘rmaylik bu yerda” deb tushuntirib yuborilishi shart, deya ta’kidladi u.

“Bu ro‘yxatga duch kelgan odam kiritilavermaydi, aynan — xatti-harakatlari, gapirgan gaplari O‘zbekiston mustaqilligiga tahdid sifatida ko‘rilgan shaxslar asos bilan kiritiladi. Masalan, „SSSR qanday parchalangan bo‘lsa, o‘sha holida tiklanishi kerak“, „SSSR noqonuniy parchalangan, uning parchalanishi haqidagi hujjatlar noqonuniy va haqiqiy emas“, desa, tamom — dabba detekted va darhol ro‘yxatga!”, — dedi Muhrim A’zamxo‘jayev.

“SSSRni qayta tiklash haqida gapirish — bu O‘zbekistonga, uning mustaqilligiga tajovuz qilishdek gap”, — deya qo‘shimcha qildi jurnalist.

Adliya maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova Muhrim A’zamxo‘jayevning so‘zlarini ma’qullab, mustaqillikni xoh ichkarida, xoh tashqarida turib kamsitishga uringanlar, tahdid qilish yoki qadrini oz bo‘lsa-da pasaytirib gapirganlarga nisbatan choralar bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

“Mustaqillik — bizning muqaddasotlarimizdan, bosh qadriyatlarimizdan biri… Bu ko‘p millionli xalqning taqdiri, xavfsizligi va kelajagi haqidagi masala”, — dedi u.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Prilepin va O‘zbekistonni bosib olmoqchi bo‘layotgan boshqalarga birinchi navbatda o‘z tilida “poshyol na x…” deyish kerakligi haqida yozdi. Rossiya siyosatchilari tomonidan bu kabi bayonotlar berilishi ko‘payotgani, bu esa xavotirli ekanini qo‘shimcha qildi.

“O‘zbekistonliklar boshqa maqsad yo‘lida birlashmasa-da, mamlakat mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida birlasha oladilar. Rasmiy Kreml mamlakat va xalqlar o‘rtasida urush va adovatni qo‘zg‘ayotgan bu kabi shovinistlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi kerak. Aks holda O‘zbekistonni bosib olish bu ko‘pchilik tomonidan Kremlning kelajakdagi strategik rejasi sifatida qabul qilinadi”, — dedi sobiq deputat.

Shuningdek, u Shimoliy Koreyani raketa uchirganidan tashvishga tushadigan Tashqi ishlar vazirligi hech bo‘lmasa hozir uyg‘onib, bu bo‘yicha rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi.

“Yuksalish” umummilliy harakat raisi Bobur Bekmurodov esa Prilepinning “O‘zbekistonni bosib olish” tahdidini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat deya atadi. U rus siyosatchilarining bunday qarashlari o‘zbekistonliklar orasida Rossiyaga salbiy munosabatni kuchaytirayotganini bildirdi.

“Uning tobora kamayib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va so‘zlar bilan do‘st orttirib bo‘lmasligini anglab yetishi zarur. Aynan shunday agressiv harakatlari do‘stona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda… Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir. Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining o‘zga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga zid chiqmoqda”, — deb yozdi u.

Bobur Bekmurodov Zaxar Prilepinni bunday harakat O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantirdi. Qolaversa, qariyb 60 ming a’zoga ega bo‘lgan harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga e’tibor qaratishga va batamom chek qo‘yishga chaqirdi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiya G‘arbning tarqoq va qo‘rqoqligini qo‘l kelishidan umidvor bo‘lib, Ukrainada urush boshlaganini, biroq Markaziy Osiyoga olaqarash qila olmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, Turkiya va Xitoy G‘arb emas.

“Rus “perepyolka”lari Ukrainada bo‘lganidek, Rossiya va O‘zbekistondagi o‘zbek rusparastlarining “chizilgan” statistikasidan umidvor bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, lekin ishoning Ukraina voqealari bundaylarni ham sonini keskin kamaytirib yubordi. Yana takrorlayman, Rossiyaning boshiga o‘zining ahmoqlari yetadi!”, — dedi u.

заxар прилепин, россия, ссср, o‘zbekистон

Ko‘p o‘tmay deputatning ushbu posti Telegram kanali va X (Twitter) sahifasidan o‘chirib yuborilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov “Spravedlivaya Rossiya — Patriotы — Za pravdu”ning hamraisi Zaxar Prilepinning bu chiqishini urushni targ‘ib qilishga qaratilgan chiqish sifatida ko‘rdi. U O‘zbekiston mustaqil va suveren davlatligini, uni bosib olishga, o‘z hukmini o‘tkazishga, xorijiy til o‘rgatishga hech kimning haqqi yo‘qligini eslatib o‘tdi. Bunday “surbetlik bilan e’lon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmasligi haqida gapirdi.

“Shuni g‘urur bilan aytamizki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, iqtisodimiz yuksalayotgani, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, erishayotgan yutuqlarimizning barcha-barchasi mamlakatimiz qudratidan dalolatdir”, — dedi u.

Bloger Zafarbek Solijonovning fikricha, Kreml targ‘ibot mashinasi O‘zbekistonga ham uzatiladigan telekanallarda aylanib yotibdi. Hukumat na ularga qarshi muqobil platforma yaratdi, na shu kabi targ‘ibotga qarshi munosabat beradigan, haqiqatni ko‘rsatadigan faollarni qo‘lladi.

“Videoda migrantlar soni urg‘ulanishi orqali Kreml bosimini his qilish mumkin. Migrantlarning aksari esa avvalgi va hozirgi hukumat xatolarining hosilasi xolos. Davlatchilik mustahkamlanishi, fuqarolik jamiyati rivojlanishi, korrupsiya darajasi keskin kamayishiga xizmat qilishga xizmat qiluvchi va shu kabi boshqa muhim loyihalar ijrosi haliyam paysalga solinyapti. Bu esa bosqinchi buyuk davlatlar foydasiga xizmat qilaveradi. Ular xohlagan kayfiyatini ko‘rsataveradi. Ertaga rus bosqinchilari bostirib kelsa, darvozani ochib beradigan sotqinlar yuz minglab topilsa kerak”, — deya yozdi u.

“Deputatlar qayerdagi bir shaxsning fikriga munosabat berishdan ko‘ra muhim savollarni o‘zimiznikilarga qaratsin. „Rus elchisi chaqirilib munosabat so‘raladi“, „nota yuboriladi“, hmmm, shunchalik romantikmisizlar?)”, — deya savol bilan yuzlandi bloger.