Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni telefon orqali muloqotda Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh as-Sisini saylovda erishgan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

“Saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari do‘st Misr xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani qayd etildi”, — deyiladi munosabatda.

Suhbatda O‘zbekiston-Misr sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 2023-yil fevral oyida Qohiraga oliy darajali tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulfattoh as-Sisi 10−12-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonib, ketma-ket uchinchi muddatga prezident etib saylandi. U saylovning birinchi bosqichida 89,6 foiz ovoz oldi, unga 39,7 milliondan ortiq kishi ovoz berdi.