KIUT Toshkent xalqaro universiteti (Toshkent shahridagi sobiq Yodju texnika instituti) rektori Janpolat Shamuratovich Kudaybergenov 46 yoshida poytaxtda vafot etdi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga universitet matbuot xizmati tasdiqladi.

Janpulat Kudaybergenov 1978-yil 10-martda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2000-yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini, 2001-yilda “Umid” Prezident jamg‘armasi orqali Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya)ni tamomlagan.

2010−2014-yillarda Toshkent moliya instituti “Hisob va audit” fakulteti dekani lavozimida ishlagan. 2014−2017-yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida faoliyat olib borgan.

2018-yildan Yodju texnika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lgan. 2019-yildan O‘zbekistondagi birinchi xususiy oliy o‘quv yurti rektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Janpolat Kudaybergenov rahbarligida universitet o‘z faoliyatini sezilarli darajada kengaytirdi, ko‘plab xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u yerda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida hamda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Universitetning Namangan va Samarqandda filiallari mavjud.

Janpolat Kudaybergenovning dafn marosimi Nukusda bo‘lib o‘tadi.