Senatning 48-yalpi majlisida senatorlar 2024-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqishdi. Unda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi, senator Gulnora Marufova yetim bolalar uy sotib olishi uchun ajratilgan mablag‘lar kamligini tanqid qildi. U iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga bu mablag‘lar qaysi mezonlar asosida belgilangani haqidagi savol bilan yuzlandi. “Gazeta.uz” bunga e’tibor qaratdi.

“Bu yil yetim bolalarga ajratilgan uy-joylar sotib olish uchun davlat budjetidan 120 milliard so‘m ajratilgan edi. Bu yil 424 nafar bolalarimizga respublika bo‘yicha 60,1 milliard ajratilibdi. Lekin bu ajratilgan mablag‘dan ham 20,9 milliard so‘m 153 ta uy-joy sotib olishga yonaltirilgan. Demak, bu yilimiz tugayapti, bu mablag‘dan faqat 17 foizi [uy sotib olish uchun] ajratilganini ko‘rsatib turibdi”, — dedi senator.

Gulnora Marufova Buxoroda ota-onasiz bolalarga ajratilgan pullarga uy olib berilmaganini ma’lum qildi.

“Birgina Buxoro viloyati tahlil qilganimizda, 7 nafar bolalar uchun davlat budjetidan tegishli mablag‘lar ajratilgan. Lekin bugungi kunga qadar bironta ham uy joy u bolalarga olib berilmagan. Bu kabi holatlar boshqa hududlarda uchramoqda. Tahlil qilib ko‘rganimizda, bu muammoga belgilangan hisob-kitoblar amaldagi holatga to‘g‘ri kelmasligi sabab ekanini ko‘ryapmiz”, - dedi Marufova.

“Bir xonali kvartira uchun [2024-yilgi] davlat budjetidan 137,5 million so‘m ajratilishi belgilangan. Hozirgi vaqtda esa, ko‘rib turibmiz, markazlarimizni qo‘yib turaylik, chekka hududlarimizda ham bir xonali kvartirani sotib olish juda ham qiyin. Biz bolalarga esa shu mablag‘ni ajratyapmiz. Bolalarimizga uy-joyni ro‘zg‘or anjomlari, maishiy texnikalari bilan ajratib berishimiz kerak”.

“Mazkur yo‘nalishda davlat budjeti parametrlarida belgilangan mablag‘ qaysi mezonlarga asosan hisob kitob qilinadi? Nima uchun ular amaldagi holatga to‘g‘ri kelmayapti? 2024-yilda ham 1 xonali kvartirani xarid qilish uchun qanday summa belgilanyapti?”, — deya Jamshid Qo‘chqorovga Gulnora Marufova savol berdi.

Jamshid Qo‘shqorov yetimlar uy-joy sotib olishi uchun ajratilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar 1 kvadrat metr uy-joyni 6,6 million so‘mdan hisoblanganini ma’lum qildi.

Jamshid Qo‘chqorovJamshid Qo‘chqorov

“Siz aytgan masala bo‘yicha biz kelgusi yil davlat budjeti loyihasida 120 milliard so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ o‘zlashtirilmay qolayotgani, albatta, biz uchun signal bo‘ladi. Sizni mezonlar haqida savolingiz[ga kelsak], buning asosiy sababi [ajratilishi kerak bo‘lgan mablag‘ni] ipoteka kreditlari berish amaliyotidan kelib chiqib hisoblab chiqqanmiz. Ya’ni 1 kvadrat metr uy-joyni 6,6 million so‘mdan hisoblaganmiz”, — dedi vazir.

“To‘g‘ri, Toshkent shahrida albatta bunday uyni, to‘g‘risini aytganda, topish juda ham qiyin. Lekin shu bilan birga Toshkent shahrida kelgusi yil uchun 25 kvadrat metrli uy 210 million so‘m bo‘lyapti. Boshqa hududlarda 165 million so‘m. Nima uchun 25 kvadrat metr deb so‘raydigan bo‘lsangiz, bu qarorlarga binoan, yetim bolalarga 25 kvadrat metrli uy-joy ajratish ko‘zda tutilgan”, — dedi u.

Jamshid Qo‘shqorov bu borada qayta hisob kitob qilish uchun ruxsat so‘radi.

“Sizga keltirgan hisob-kitoblarimiz amaliyotda qanchalik talabga javob berishi bo‘yicha, Tanzila Kamalovna bizga ruxsat bersangiz, birinchi chorak yakunigacha hamma viloyatlar bo‘yicha tahlil qilib buni rasman kiritsak. Kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bunaqa kvartira topishni iloji bo‘lmasa, buni biz o‘zgartirib, katta o‘zgartirish bo‘lmaydi, Vazirlar Mahkamasi doirasida ham hal qilish mumkin. Shunday hududlar borki, u yerda 25 kvadrat metrli uy topish qiyin. Shundan kelib chiqib, sizga beradigan javobimiz: bizga vaqt bersangiz biz bu masalani ko‘rib chiqishga vaqt so‘raymiz. Sizga birinchi chorak yakunigacha axborot beramiz”, — dedi vazir.