Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) davlat bayrog‘ini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, muhokamalarsiz qabul qildi, deya xabar bermoqda parlament matbuot xizmati. Endi qonunni prezident imzolashi kerak.

“Qonun loyihasi asosiy davlat ramzlaridan biri — Qirg‘iziston Respublikasi bayrog‘ini takomillashtirishga qaratilgan. Qirg‘iziston Respublikasi bayrog‘idagi nurlar shaklini to‘lqinsimondan quyosh nurlariga yaqqol o‘xshovchi shaklga o‘zgartirish taklif qilinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Hujjatni qabul qilishni yoqlab, 59 deputat ovoz berdi, besh nafari esa qarshilik bildirdi, deya aniqlik kiritdi 24.kg.

Qirg‘izistonning hozirgi bayrog‘i qizil rangda bo‘lib, uning markazida oltin rangdagi qirqta nurdan iborat quyosh joylashgan. Bu qirq nur qadimgi qabilalarning yagona davlatga birlashishini anglatadi. Quyoshning ichida tunduk (o‘tov gumbazi markaziy qismi) tasvirlangan. Hozir bayroqda quyosh nurlari to‘lqinsimon va tunduk uchta tayoqdan iborat.

Qonun loyihasini oktabr oyida parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev va deputat Ulan Primov taqdim etgan edi. Ular bayroqni o‘zgartirish zarurligini ta’kidlab, hozirgi tasvir ko‘pincha “kungaboqar yoki o‘tov” bilan adashtirilishini aytgan. Shuningdek, ular bayroqda to‘rtta tunduk tayoqchasini tasvirlashni taklif qilgan. Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, tundukdagi to‘rtta tayoq boy qirg‘izlarning o‘tovlarida, uchtalisi esa kambag‘allarinikida bo‘lgan.

Taklif etilayotgan bayroq varianti. Foto: Jogorku Kenesh matbuot xizmati.Taklif etilayotgan bayroq varianti. Foto: Jogorku Kenesh matbuot xizmati.

Deputatlarning tashabbusini mamlakat prezidenti Sadir Japarov qo‘llab-quvvatladi. “Hozirga qadar jamiyatda bayrog‘imiz kungaboqarga o‘xshab ketishi va buning fonida mamlakat tizzasida tura olmasligi bo‘yicha fikr bor edi… Tuzatilgan versiya haqiqatan ham quyosh nurlariga o‘xshaydi. Xudo xohlasa, bu variant qabul qilinsa, bundan keyin qaram bo‘lmaymiz”, — dedi u.

O‘tgan hafta Japarov bayroqni o‘zgartirish o‘zining shaxsiy tashabbusi ekanini tan olib, deputatlardan qonun loyihasini ishlab chiqishni so‘ragandi.

“Ko‘pchilik xarajatlar ko‘p bo‘ladi, pasportni, raqamlarni o‘zgartirish kerak, demoqda. Hech narsani o‘zgartirish shart emas. Bayroqlarni faqat elchixonalar va diplomatik vakolatxonalarda, shuningdek, vazirlik va idoralarda o‘zgartiramiz. Bu ko‘p pul talab qilmaydi. Men agar bu o‘zgarish xarajatlarni talab etsa, shaxsiy hisobimdan pul ajratishimni aytdim”, — dedi Qirg‘iziston rahbari.

24.kg xabariga ko‘ra, mamlakatda bayroqni o‘zgartirish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Ko‘pchilik jamoatchilik vakillari bunga qarshi, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar #bayroqnio‘zgartirmang heshtegi orqali fleshmob boshlagan.