Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi noyabr oyida muhokamaga qo‘yilgandi.

Muhokamalar jarayonida 2024-yilda mamlakat iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari 5,6−5,8 foiz miqdorida bo‘lishi kutilayotganligi qayd etildi.

Qonunda 2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375,0 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan budjet 52,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.

Ta’kidlanishicha, davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Bunda soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilgan. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln so‘m va 85,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami davlat budjeti xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Muhokamalar jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Qayd etilganidek, mahalliy va importga belgilangan aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5 foizga pasaytirilib, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga (1 tonna uchun 22 ming 500 so‘mdan 11 ming 250 so‘mgacha) pasaytirilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.