O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalarga xalqaro brendlar bilan ishlashda imtiyozlar beriladi va qo‘llab-quvvatlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda mahsulotning jahonga chiqish uchun eng muhim jihatlardan biri bu — brend ekanligi qayd etildi. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqli mahsulotlarimiz brendga aylanmagani sababli tashqi bozorda arzon sotilayapti, deyiladi xabarda.

Shu bois prezident mamlakat mahsulotlarining faqat sotilishi emas, balki tashqi bozorlarda brend sifatida tanilishi uchun ham ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

Savdo-sanoat palatasiga mato, kiyim, gilam, poyabzal, charm, oziq-ovqat, uy buyumlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni brendlar talablariga to‘liq moslashtirib, buyurtmalarni joylashtiruvchi “sorsing” kompaniyalari bilan bog‘lash vazifasi qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy korxonalarning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirokini ko‘paytirish, kelgusi yilda Xanoy (Vetnam), Lots (Polsha), Ivanovo (Rossiya), Prata (Italiya) shaharlarida to‘qimachilik savdo uylarini ochishga topshiriq berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mashhur nomdagi mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish ham mumkin. Misol uchun, kelgusi yil Chirchiqda Germaniya texnologiyasi asosida yiliga 2,5 million dona alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi.

Bu nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yo‘nalishidagi korxonalar uchun ham qulaylik. Bunday imkoniyatlardan foydalanib, nufuzli brendlarni O‘zbekistonga olib kelish zarur, deyiladi xabarda.

Buning uchun quyidagi yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:

  • brendlar ostida ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy qilish, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;
  • mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur barcha xomashyolar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
  • kamida 30 foiz mahsulotini brend ostida ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;
  • yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlaganlik uchun to‘lovlar undirilmaydi.

Prezident mazkur yig‘ilishda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgandi. Vazirlikning viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Ularning vazifalari hamda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalari Savdo-sanoat palatasiga o‘tkaziladi.