Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni geologiya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar ijrosi, 2024-yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu ishlar ikki yo‘nalishda — ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash bo‘yicha olib borilmoqda. Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2−3 kilometrdan 4−5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Buning natijasida yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qo‘shimcha 4,4 milliard kub metr gaz qazib olindi.

Ta’kidlanishicha, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, ko‘plab quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi.

geologiya

“Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi”, — deyiladi xabarda.

Texnologiyalar olib kelib, 6−7 kilometr chuqurlikda geologik burg‘ilashga o‘tish masalalari muhokama qilindi.

Energiya manbalarini izchil yetkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida to‘lov intizomini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.