Prezident raisligida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev mahsulotlar narx jihatdan raqobatbardosh bo‘lishi uchun xom ashyoni chuqur qayta ishlab, tayyor sifatli mahsulotlarni ko‘paytirish shart va zarurligini ta’kidladi.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimini qayta ko‘rib chiqiladi. Vazirlikning viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi.

Bo‘limlarning vazifalariga Savdo-sanoat palatasining loyiha qiladigan va eksportga ko‘maklashadigan mutaxassislari biriktiriladi. Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti hamda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalari ham palataga o‘tkaziladi.

“Bu orqali loyiha qilish va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini-o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tkaziladi. Bu tadbirkorlarning talab va istaklariga quloq solish, ular bilan yaqindan hamkorlik qilib, muammolarini hal qilish maqsadida qilinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishlab chiqarish, eksport va brendlarga beriladigan grant, subsidiya va boshqa imtiyozlar palata orqali egasiga ochiq-oshkora va shaffof beriladigan tizim joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktbyar oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ilgari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida bo‘lgan vakolatlar berilgan. Endi vazirlik davlat sanoat siyosati uchun mas’ul bo‘lishi, Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazini qaytarib olishi aytilgandi.