Misrning amaldagi prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 10−12-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozondi va shu tariqa ketma-ket uchinchi muddatga prezident bo‘ladi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

Saylovning birinchi bosqichida as-Sisi 89,6 foiz ovoz oldi, unga 39,7 milliondan ortiq kishi ovoz berdi.

Misr Milliy saylov boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda aholining deyarli 67 foizi ishtirok etgan.

As-Sisi uch nomzod: Respublikachilar partiyasi yetakchisi Hazim Umar, Sotsial-demokratik partiya rahbari Farid Zahran va liberal “Vafd” partiyasi yetakchisi Abdel Sanad Yamama bilan raqobat olib borgan.

The Washington Post nashrining yozishicha, as-Sisining saylovdagi g‘alabasi kutilayotgandi, biroq u mamlakat va mintaqada tobora kuchayib borayotgan muammolarga duch kelmoqda. Ular orasida yuqori darajadagi davlat qarzi, inflyatsiya va G‘azo sektoridagi urush mavjud.

Abdulfattoh as-Sisi ilk bor 2014-yilda Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan bir yil o‘tib o‘tkazilgan saylovlarda Misr prezidenti etib saylangandi. 2018-yilda u ikkinchi to‘rt yillik muddatga qayta saylangan. 2019-yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar uning amaldagi muddatiga yana ikki yil qo‘shgan va bu unga uchinchi bor — bu gal olti yillik prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yish imkonini berdi.