Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov hibsga olingani bilan bog‘liq jinoyat ishining ayrim tafsilotlarini e’lon qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida bosh prokuror o‘rinbosarining Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqilgan.

Oliy sudga ko‘ra, sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda va Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 14-dekabrdagi ajrimi bilan bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

oktabr oyi oxirida Voitov ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgandi.