O‘zbekistonda bolalarning qobiliyatlari, qiziqishlari va iste’dodlarini rivojlantirish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lgan Bolalar tashkilotini tashkil etish taklif etilmoqda. Bu haqda juma kuni Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z bordi.

Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, mazkur tashkilot “Kamalak” bolalar tashkiloti negizida tashkil qilinishi rejalashtirilgan. U kengroq qamrov va yangi xususiyatlarga ega bo‘ladi.

Yig‘ilish joriy yilda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi vazifalarga bag‘ishlandi.

Prezidentga davlat tomonidan alohida e’tiborga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilgani ma’lum qilindi. Ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

yoshlar, шавкат мирзиёев, o‘zбекистон bolalar tashkiloti

Yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, 2023-yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi, deyiladi xabarda.

Joriy yildan “Besh tashabbus olimpiadasi” 4 ta yo‘nalishda -mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

Prezidentga Navoiy viloyatidagi “To‘dakul” xalqaro shaxmat maktabi tashkil etilgani haqida ham ma’lumot berildi. Maktab yiliga 1700 nafar bolani o‘qitish, 7500 nafar yoshlarni turli tadbirlar bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Davlat rahbari mazkur maktabga xalqaro grossmeysterlarni taklif etish, chekka tumanlardan iqtidorli bolalarni jalb qilish, ular uchun qisqa muddatli shaxmat oromgohlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2024-yilda har bir viloyat, vazirlik va idoralarda yoshlar bilan ishlashga yangicha yondashuvni joriy etish rejalashtirilgan. Yoshlar yetakchisi tavsiyasiga ko‘ra ko‘rsatiladigan yordam turlari o‘zgartiriladi, asosiy e’tibor zamonaviy kasb-hunarlarni o‘qitishga qaratiladi.

Yoshlar muammolarini o‘rganish, istiqbolli kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilmiy-tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida chet tillarini o‘rganayotgan yoshlar sonini 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi bo‘yicha yosh kitobxonlar sonini esa 1,5 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.