Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Kun.uz saytida e’lon qilingan o‘qituvchi bolalarni maktabga krossovkada kelgani uchun tanbeh bergani aks etgan video yuzasidan izoh berdi.

“Mana, hurmatli ota-onalar, “krossovka kiyish mumkin emas”, deb “zavuch”ning o‘zi aytib ketdi. Men yil boshida ham aytdim. Hozir biror tekshirish kelib qolsa nima bo‘ladi? Jismoniy tarbiya bo‘ladigan bo‘lsa, sumkasiga formasi bilan paketchaga solib, olib kelish kerak edi. Tasavvur qiling — mening joyimda siz o‘tiribsiz, nima qilgan bo‘lardingiz?” — deydi o‘qituvchi videoda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Navoiy shahridagi 6-maktabda sodir bo‘lgan. Boshqarmaning ta’kidlashicha, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari“da o‘quvchilarga maktab hududida va dars jarayonlari davomida qo‘yiladigan talablar ko‘rsatib o‘tilgan. Unda o‘quvchilar ta’lim muassasasiga maktab ustavida belgilangan o‘quvchilar libosida kelishi kerakligi ko‘rsatilgan.

“[Hujjatda] o‘quvchilar ta’lim muassasasiga krossovkada kelmasligi kerak degan talab mavjud emas”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Navoiy viloyatidagi maktablarda o‘quvchilar kiyimini tartibga solish bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilishi belgilanmagan. 6-maktab ma’muriyati va o‘qituvchilari ishtirokida bu borada zarur tushuntirish ishlari olib borilgan.