2023-yil 12−13-dekabr kunlari Internet tarmog‘ida “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasining ekspetlariga havola qilgan holda Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa sug‘orish kanalida birinchi jiddiy “avariya” yuz berganligi to‘g‘risida ma’lumot tarqatilgan. Ushbu xabar yuzasidan “O‘zbekkosmos” agentligi tushuntirish berdi.

Ba’zi manbalarda keltirilishicha, Qo‘shtepa Amudaryodan suv bilan to‘la boshlanganidan keyin birinchi oyda gidrotexnik inshoot devorlari suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagan va kanaldan chiqqan katta hajmdagi suv yaqin atrofdagi hududga tarqalgan.

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan Qo‘shtepa kanalidan suv sizib chiqishga oid xabarlar turli fazoviy o‘lcham aniqlikdagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida o‘rganib chiqildi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Qo‘shtepa kanali qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam ravishda kuzatish natijasida qazish ishlari olib borilayotgan hududlarda 2022-yil may oyidan boshlab yer osti sizot suvlarining ko‘tarilishini aniqlagan.

Qurilish davomida kanalning to‘rtta qismida sun’iy to‘siqlar qoldirilgan bo‘lib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida 2023-yil 10-oktabrda to‘liq olib tashlangan va suv oqimi hosil bo‘lgan.

Qo‘shtepa kanalidan sizib chiqqan suvning tarqalish hududi va maydonining kosmik suratlariQo‘shtepa kanalidan sizib chiqqan suvning tarqalish hududi va maydonining kosmik suratlari

Kosmik monitoring natijasida 2023-yil 4-noyabr kuni Qo‘shtepa kanalining 75,6-kilometrida o‘ng qirg‘oqning 30 metrga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5-noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 kilometr kvadrat, 25-noyabrda — 23,8 km kv., 13-dekabr holatiga esa 30,3 km kv.ni tashkil etib, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagan.

“Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlari fikriga ko‘ra, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmaganligi natijasida yuzaga kelgan.

O‘z navbatida, kanal qurilishiga mas’ul afg‘on muhandislari yer osti sizot suvlarining me’yorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo‘naltirilganligini ta’kidlamoqda.

Qo‘shtepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmaganligi, daryoga ulanish joyida hozirda 20 metrga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Qo‘shtepa kanalining Amudaryodan suv olish qismida qazilmagan hudud va daryodan suv olish joyining kosmik suratlariQo‘shtepa kanalining Amudaryodan suv olish qismida qazilmagan hudud va daryodan suv olish joyining kosmik suratlari

Shu bilan birga, o‘ta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yo‘naltirish uchun kanal qirg‘og‘ida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo bo‘lishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganini ko‘rsatmoqda.

“Shunday qilib, o‘tkazilgan tahlillar internet tarmog‘ida tarqatilayotgan „Chegara bilmas daryolar“ xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo‘shtepa kanali qirg‘og‘i Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv — sizot suvlari ekanini tasdiqlaydi” — deyiladi agentlik xulosasida.