Andijon viloyati Shahrixon tumanida yuklar ustini yopish uchun bayroqdan foydalangan haydovchi jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

Noyabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Labo avtomashina haydovchisi yukxonaga ortilgan yuklar ustini to‘sish uchun bayroqdan (yopqich sifatida) foydalangani tasvirlangan foto tarqalgan.

Viloyat YHXB tomonidan ushbu avtomashina Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga tegishli ekani aniqlangan. Oradan vaqt o‘tib, 14-dekabr kuni Andijon viloyati IIBB axborot xizmati unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudi tomonidan qonuniy chora ko‘rilganini bildirdi.

Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203−1-moddasi (Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 million 20 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llandi.

Qanday holatlar davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi?

Iyul oyida prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan quyidagi holatlar bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish hisoblanadi:

  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
  • biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
  • stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
  • kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
  • bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish.

Hujjat bilan davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas’uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatilgan.