Oliy Majlis Senatida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obyektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Unda senatorlar hukumat vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari oldiga nima uchun avval ko‘tarilgan muammolar hali ham hal etilmagani yuzasidan savollar qo‘ydi.

Xususan, Senat a’zosi Abdurahim Panjiyev Senat tomonidan yuborilgan parlament so‘roviga hukumat vakillari e’tiborsiz munosabatda bo‘lganini tanqid qilib, so‘rovdagi muammolar hal qilinmaganini bildirgan bo‘lsa, senator Rustam Xolmuradov muayyan tashkilotlar bu kabi milliy muammolarga bee’tibor bo‘layotganini, bu vaziyatlarga jiddiy yondashish zarur ekanini aytib o‘tgan edi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi vakillari bildirilgan e’tirozlarga yanada jiddiy e’tibor qaratib, vaziyatni nazoratga oldi va qonunbuzarliklarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minladi.

сенат, qum-shag‘al

Jumladan, daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlaridan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibini takomillashtirish yuzasidan to‘rtta vazirlikning Qo‘shma qarori qabul qilindi. Mazkur Qo‘shma qaror bilan o‘zan tozalash ishlari yakunlangan obyektlarda loyiha majburiyatlarining bajarilishini joyning o‘zida o‘rganish orqali uchastkalarni qabul qilib olish tartibi amaliyotga joriy etildi.

“O‘zbek kosmos” agentligi bilan hamkorlikda suv havzalarini kosmik monitoring qilish tizimi joriy etilib, daryolar o‘zani va suvni muhofaza qilish zonalarida noqonuniy qazish holatlari konturlari belgilab olindi.

Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qaroriga asosan Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tgan Sirdaryo daryosi o‘zanida 16 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan daryo o‘zanini tozalash ishlari tartibsiz amalga oshirganligi oqibatida daryo qirg‘oqlari yemirilganligi va 4,6 ming metr kub noqonuniy qazish ishlari olib borilganligi aniqlanib, ularga nisbatan tabiiy obyektlarga yetkazilgan 7,4 mlrd so‘m zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Jizzax viloyatida Sangzor daryosining 6 ta nuqtasida bir qator korxonalar hamda boshqa jismoniy shaxslar tomonidan noqonuniy qazish bo‘yicha aniqlangan holatlar yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand viloyatida olib borilgan nazorat tadbirlarida yetkazilgan zarar summalari aniqlanib, to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga kiritildi. Jumladan, “Samarqand keramik” MCHJ tomonidan Nurobod tumani Sazag‘ansoy soyidan noqonuniy ravishda qizil qum aralashmasi qazib olingani natijasida tabiiy obyektga 1,8 mlrd so‘m, “Mironshoh Mirkomil” XK tomonidan Pastdarg‘om tumani Kimyogarlar qo‘rg‘onidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanali muhofaza doirasidan noqonuniy ravishda tabiiy qumni qazib olganligi natijasida tabiiy obyektlarga 3,6 mlrd so‘m, Jomboy tumanida joylashgan “Olmazor sevinch” MCHJ tomonidan noqonuniy tarzda qum shag‘al aralashmasini qazib olganligi natijasi tabiatga 4,8 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, 2023-yilning 11 oyida jami 58 ta jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan. Ushbu holatlar oqibatida tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani hisoblanib, ularni undirish choralari ko‘rilmoqda.

сенат, qum-shag‘al

Ta’kidlanishicha, ekologiya organlari tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjatlari hamda ekologiya ekspertiza xulosalari talablari asosida o‘zan tozalash ishlari yuritilishi doimiy ravishda o‘rganilmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha 311 ta tadbirkorlik subyekti joyiga chiqqan holda monitoring qilindi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan 8 km daryo va soy o‘zanlari tozalanib, 467 ming m3 qum-shag‘al materiallari hisobi yuritildi. Fuqarolar tomonidan 33 ta qoidabuzarlik holati sodir etilganligi aniqlanib, 166 mln so‘mlik jarimalar qo‘llanildi.

Chirchiq daryosi o‘zanida yuzaga kelgan tang ekologik ahvolni inobatga olib, o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan 18 ta tadbirkorlik subyektining faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 3 ta tadbirkorlik subyekti bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi.