13-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida ijtimoiy tarmoqlarda Emine Karamanova taxallusi bila tanilgan bloger Lemara Mirzaaxmedovaga nisbatan o‘qilgan birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirildi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

47 yoshli bloger, oilali, muqaddam sudlanmagan ayol Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari, 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61-moddasi (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) tartibida 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tergov organi tomonidan blogerga qo‘yilgan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar chiqarib tashlangan.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning yozishicha, tovlamachilik epizodi bo‘yicha jabrlanuvchi Yangiyo‘l tumani hokimligi mutasaddisi hisoblanadi. U bloger jazo muddatini umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashini qo‘shimcha qildi.

Mart oyida Toshkent viloyati IIBB Lemara Mirzaahmedova hibsga olinishiga blogerlik faoliyatining aloqasi yo‘qligini, unga tegishli qurilish firmasida budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganini xabar qilgandi.