Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-dekabr kuni qish mavsumini betalafot o‘tkazish borasidagi vazifalarning bajarilish holati muhokamasi bo‘yicha videoselektor o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov, uning o‘rinbosarlari Achilbay Ramatov va Jamshid Qo‘chqorov, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev, hududlar hokimlari va boshqalar ishtirok etdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish maqsadida 675 megavatt ishga tushirilgan, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilangan.

Toshkent shahrida aholi ko‘pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, poytaxtda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurildi. 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.

шавкат мирзиёев, қishga tayyorgarlik

Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezident ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratdi.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovishi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani ma’lum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

2023-yil ko‘mir ta’minotini yaxshilash maqsadida 5 million 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo‘shimcha 93 ming tonna ko‘mir yetkazildi.

Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan obyektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

шавкат мирзиёев, қishga tayyorgarlik

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi. Barcha huquq-tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatli ish tartibiga o‘tishi belgilandi.

Noyabr so‘ngida prezident bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlarining qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobotlari tinglangandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.