11−13-dekabr kunlari kuzatilgan kuchli sovuqlardan so‘ng O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati asta-sekin ko‘tariladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

14-dekabr kuni kechasi −8…−13 daraja, shimolda −15…−17 daraja atrofida sovuq bo‘ladi, kunduz kuni esa havo 0…+5 darajagacha isiydi.

15−17-dekabr kunlari harorat kechalari 0…-5 darajagacha, ba’zi joylarda +2 darajagacha ko‘tariladi, kunduz kunlari +4…+9 darajadan 0…+5 darajagacha o‘zgarib turadi.

14−17-dekabr kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 16-dekabrda ba’zi joylarda biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.

Toshkent shahrida 14−15-dekabr va 17-dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, 16-dekabrda vaqti-vaqti bilan biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat kechalari −11…−13 darajadan 0…-2 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.

Kunduz kunlari 14-dekabrda +1…+3 daraja, 15-dekabrda +4…+6 daraja, 16-dekabrda 0…+2 daraja, 17-dekabrda +2…+4 daraja bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin, yo‘llarda yaxmalak yuzaga keladi.