Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda Yangi yil bayramini nishonlash uchun qulay sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bunda “madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi” qayd etildi.

Bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi, deyiladi bayonotda.

Prezident jamoat transporti barqaror ishlashi, metro va avtobuslarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, bekatlardagi sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, Toshkent shahri tumanlari prokurorlari tomonidan dehqon bozorlarida narxlarning asossiz oshirilgani, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etilishi holatlari muntazam tekshirilmoqda.