Rossiya qo‘shinlari 13-dekabrga o‘tar kechasi Kiyevga raketa hujumi uyushtirdi. Ukraina poytaxti tomon uchgan o‘nta raketaning barchasi urib tushirildi, deya xabar bermoqda Ukraina Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, raketa parchalari qulashi oqibatida 53 kishi jabrlangan: ulardan 20 nafari, jumladan, ikki bola kasalxonaga yotqizilgan, jarohatlangan soni 33 nafarni tashkil etgan, jumladan, olti bolaga shifokorlar voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Kiyev viloyati ma’muriyatining xabar berishicha, raketa qoldiqlari yo‘llarga qulagan. Bir uy yonib ketgan, to‘qqiz qavatli uyning yettinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgan, mashinalar, shuningdek, bolalar kasalxonasiga zarar yetgan.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, raketalardan tashqari, seshanba kuni kechqurun mamlakat bo‘ylab 10 ta kamikadze dronlari uchirilgan. Ularning deyarli barchasi Odessa viloyatida urib tushirilgan.

Rossiya tomoni hozircha na Kiyevdagi raketa, na dron hujumiga izoh bermadi.

Avvalroq Rossiya 11-dekabrga o‘tar kechasi Kiyevga raketa hujumi uyushtirgan edi. O‘shanda Ukraina Harbiy-havo kuchlari sakkizta raketa havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qilgan.