Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbekistonlik uch nafar bola monument yonidagi “Mangu olov”ni qor bilan o‘chirib qo‘ydi. Endi ular ota onalari bilan birga mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin, deya xabar bermoqda “Meduza”.

Voqea 10-dekabr kuni kechqurun Krasnoye Selo hududida sodir bo‘lgan. “Fontanka” nashri tomonidan e’lon qilingan videoda o‘smirlardan biri quchog‘idagi qorni “Mangu alanga” ustiga uloqtirgani, so‘ngra birgalikda qochib ketgani aks etgan.

Militsiya bolalarning 10 va 14 yoshli ikki aka-uka hamda 12 yoshli boshqa bir bola ekanini aniqladi. Bolalar va ularning ota-onalari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan, deyiladi xabarda.

11-dekabr kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasi bolalarning oilalari migratsiya qonunchiligini buzgan holda Rossiya hududida yashab kelayotganini bildirdi. Shu tufayli boshqarma ularni mamlakatdan chiqarib yuborish talabi bilan sudga murojaat qiladi.

Nashrning yozishicha, militsiya Rossiyaning turli shaharlarida doimiy ravishda “Mangu olov” bilan bog‘liq har qanday harakatlarni sodir etgan odamlarni hibsga oladi. Odatda, ularga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha, ayrim holatlarda jinoiy protokollar tuziladi. Hujjatlar dafn etilgan joylarni tahqirlash yoki natsizmni reabilitatsiya qilish to‘g‘risidagi moddalar bo‘yicha ochiladi.