Shavkat Mirziyoyev aholi turmush tarzi, qish mavsumiga tayyorgarlik holati va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 12-dekabr kuni Toshkentdagi mahallalarga tashrif buyurdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

U dastlab “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Uchtepa tumanidagi issiqlik markaziga bordi.

“Bir yil oldin bu yerda ahvol juda ayanchli edi. Bu markaz 1969-yilda qurilgan, shundan buyon kapital ta’mirlanmagan. Qozonxona ham, tarmoqlar ham eskirgan edi. O‘tgan qishda havo keskin sovigan paytlarda issiqlik ishlab chiqarish muammo bo‘lgandi. Shu bois prezident tarmoqlarni ta’mirlash va barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bu galgi tashrif chog‘ida mutasaddilar shu haqda axborot berdi. Berilgan topshiriqlar to‘la amalga oshirilgani qayd etildi. Majmua qozonxonasi jami 700 Gkal quvvatga ega, mingdan ortiq ko‘p qavatli uy va 400 dan ziyod ijtimoiy muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.

Joriy yilda mazut xo‘jaligi va sig‘imlari qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda — gaz va mazutda ishlashga moslashtirilgan. Bular natijasida qozonxona va tarmoq sovuq haroratda ham barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi ham kamaydi.

U yerda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Uchtepa tumani mutasaddilari bilan muloqot qildi. Mahallalardagi yangi “yettilik” tizimi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy masalalarni aholi talabi asosida joylarning o‘zida hal etib, odamlarni rozi qilish zarurligini ta’kidladi.

“Qishga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ham odamlar sezishi kerak. Issiqlik markazlari va tarmoqlardagi mavjud muammolarni tezkor bartaraf etib borish, bino va xonadonlarda issiqlikni asrash dolzarb vazifa ekani qayd etildi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari “Shirin” mahallasida ham bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.